1 iyuldan O’zbekistonda mahalliy telefon aloqasi hamda mamlakat ichida va xorijga telegramma yuborish xizmati uchun yangi tariflar o’rnatildi.
Universal telekommunikatsiya xizmatlari uchun yangilangan narxlar (preyskurant) 30 may kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlandi. «O’zbektelekom» kompaniyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, tariflar aholiga sifatli xizmatlarni taqdim etish va ularni ko’rsatishdagi sarf-xarajatlarni qoplash maqsadida oshirildi.
Vaqtbay to’lov asosida shahar telefonidan foydalanganlik uchun aholidan olinadigan oylik abonent to’lovi 2040 so’mdan 2350 so’mga (qishloq joylarda — 900 so’mdan 1035 so’mga), abonent to’lov tizimida — 2690 so’mdan 3090 so’mga (qishloq joylarda — 1325 so’mdan 1520 so’mga) oshirildi. Mos ravishda, tashkilotlar uchun ham tariflar oshirildi.
Abonent to’lovi tarkibiga kiruvchi 180 daqiqalik belgilangan me’yordan oshgan har bir to’liq yoki to’liq bo’lmagan daqiqa uchun to’lov barcha foydalanuvchilar toifasi uchun 9 so’mdan 12 so’mga oshirildi.
22:00 dan 7:00 ga qadar bo’lgan muddatda mahalliy qo’ng’iroqlar uchun vaqtbay to’lovda tarifga nisbatan 0,10 hajmda kamaytirilgan koeffitsient amalda bo’ladi. Favqulodda xizmatlar, shuningdek, ta’mir, texnik ko’mak byurosi hamda shaharlararo aloqa buyurtma qilish xizmatiga qilingan qo’ng’iroqlar uchun vaqtbay to’lov amalga oshirilmaydi.
Xorij mamlakatlari, shuningdek, O’zbekiston bo’ylab shaharlararo qo’ng’iroqlar narxi o’zgarishsiz qoldi.
Kelgusi oydan boshlab O’zbekiston ichida va xalqaro yo’nalishlar bo’ylab telegramma jo’natish narxlari ham qimmatlashadi. Jumladan, aholi uchun O’zbekiston bo’ylab oddiy telegrammaning bitta so’zi uchun to’lov 44 so’m (hozirda — 37), tezkor telegrammada 220 so’m (184) qilib belgilandi. Telegrammalarning barcha turlari uchun telegraf to’lovi 184 so’mdan 220 so’mga oshiriladi, deb yozadi “Kun”.
Universal telekommunikatsiya xizmatlari uchun tariflar so’ngi bor 2015 yil iyulida oshgan edi.