“Yunusoboddagi bu yo‘l menga Oy landshaftini eslatmoqda”. 2015-yilda ta’mirlanishi va’da qilingan ko‘cha Facebook’da muhokamalarga sabab bo‘ldi

Toshkentning Yunusobod-11 mavzesidagi ko‘p qavatli uylar va xususiy hovlilar oralig‘idagi yo‘l Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

yunusobod-1

“Yunusobod-11 dagi manzara. Bu yo‘l (ta’miri) uchun mas’ul kishilar hozir nima ish bilan band ekan-a, qiziq”, — deb yozgan yo‘ldan olingan suratlari bilan mavzuni ochib bergan foydalanuvchi.

yunusobod-7

Suratlarda ko‘rsatilgan hududda hozirda istiqomat qilayotgan va bir vaqtlar yashagan foydalanuvchilar bu yo‘l qachondir ta’mirlanganini eslay olmasligini yozgan.

yunusobod-6

“Men shu yerda 32 yil yashaganman va esimni taniganimdan beri u yerdagi yo‘l shu ahvolda bo‘lgan. Otamning do‘sti bu joyni ‘avtomobilning yurgizgichini tekshirish yo‘li’ deb atardi”, — deydi foydalanuvchilardan biri.

yunusobod-5

“Hali ham bo‘lsa qor past-balandliklarni yopib turibdi, odatiy kunlarda esa u yerda minalar portlatilgan deb o‘ylaysan kishi”, — deb yozadi yana bir foydalanuvchi.

yunusobod-4

“Kecha shu yo‘lga kirgan hamma haydovchilar amallab orqaga qaytib chiqayotgan edi. Xuddi daryo to‘lqinlari muzlab qolganga o‘xshaydi”, — deydi foydalanuvchilardan biri. “Bugun adashib kirib qolgandim shu yo‘lga, tavba qilib yubordim kirganimga”, — deydi boshqa foydalanuvchi.

yunusobod-3

“Dahshatli yo‘l! Bunaqangi ob-havoda u yerda piyoda yurish ham xavfli. Bugun bog‘chadan qaytarkanmiz, o‘g‘lim ikki marta sirpanib ketib, yiqildi. Kelib ko‘rsangiz, suratdagidan ham yomonroq joylari bor bu yo‘lning”, — deb yozadi bir ona.

yunusobod-2

Foydalanuvchilardan birining yozishicha, ikki yilcha avval shahar ma’murlari “Toshkent” telekanalidagi “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida chiqish qilib, bu yo‘lni 2015-yilda ta’mirlashga va’da bergan.

“Voditeli Tashkenta” guruhining ba’zi a’zolari e’lon qilingan suratlarga hazil munosabat ham bildirgan. “Men bo‘lsa bu 3D-suratlar bo‘lsa kerak, deb o‘ylabman”, — deb yozadi foydalanuvchi. Boshqa biri esa yo‘lning ahvolini Oy landshaftiga qiyoslagan.

Foydalanuvchilar mavzelar, mahallalar ichida bunday yo‘llarning butun Yunusobod bo‘ylab, Toshkentning boshqa tumanlarida ham ko‘plab topish mumkinligini yozgan. Ba’zilar bu masala yuzasidan O‘zbekiston bosh vaziri virtual qabulxonasiga murojaat qilishni tavsiya etgan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH