“Yulduzcha” shousini to‘xtatish kerak, deb fikr bildirdi jurnalist Dilfuza Komilova Facebook sahifasidagi chiqishida. Uning shu xususdagi fikrlari “Xurshid Davron kutubxonasi” saytida chop etildi.

“Bolalar televizion tanlovida hakamlik qilayotganlarning vazifasi iqtidorli bolalarni saralash, rag‘batlantirishmi yoki ‘ma’nan jallodlik’ qilishmi?! Bu xalq artistlarining bolalarga qilayotgan sovuqdan sovuq, betakalluf, gohida ochiqdan-ochiq adolatsizlik qilishi ko‘pchilikda norozilik uyg‘otib bo‘ldi. Yosh bolalarga o‘ziga yarasha, ularni yig‘latmaydigan tarzda shirin muomala qilishni bilmaydigan; yuziga o‘ta jiddiy, hatto qahrli tus berib o‘tiradigan; keskin-keskin ohangda, gohida o‘ta mujmal fikr bildiradigan; yosh bolalardan professionallik talab qiladigan bu hakamlarni almashtirishning iloji bo‘lmasa, shouni to‘xtatish kerak”, — deb fikr bildirgan muallif.

Bu borada jurnalist Munojat Yo‘lchiyevaga alohida to‘xtalgan bo‘lib, uning “Bu ijroingiz menga yoqmadi” degan sovuq ohangi katta odamning ham etini junjiktirishi qayd etilgan.

Mumtoz qo‘shiq aytishni niyat qiladigan bolajonlarning keskin tanqid qilinishi, yengil-yelpi chet el qo‘shiqlariga katta e’tibor berilishiga olib kelishi mumkinligi e’tirof etilgan:

“Mumtoz qo‘shiqlarimizni aytgan bolalarga ‘Bu qo‘shiq yoshingizga to‘g‘ri kelmaydi’ degan bahona bilan ‘yo‘q’ deyayotgan hakamlar, sevgi-muhabbat haqida inglizcha qo‘shiq aytgan ishtirokchi bolalarga ko‘pincha tahsinlar o‘qishadi”.

“Bunaqa televizion tanlovlar dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida o‘tkaziladi. Ammo ularda bolalar yig‘lasa sevinchdan, xursandchilikdan yig‘laydi, hatto, tanlovdan o‘tolmaganlar ham yaxshi kayfiyat bilan qoladi. Negaki, bu tanlovlarda hakamlar zavq bilan, bolalarcha beg‘ubor kayfiyat bilan, samimiy hakamlik qilishadi”, — deyilgan maqolada.

“Bu muomala ularning hayotiga ta’sir etishi ham mumkin. Hakamlik qilayotgan xalq artistlari xalqning kichkintoy vakillariga mos muomala qilishni eplolmas ekanlar, hech bo‘lmasa ochiq yuz bilan, yasama bo‘lsa ham jilmayib o‘tirishni amallamaydilarmi?! Ularning tusidagi jiddiylik va sovuqlikni ko‘rib, katta odam ham esankirab qoladi-yu, bechora bolajonlarimiz tag‘inam o‘zlarini yo‘qotmay, umid bilan tanlovda ishtirok qilyaptilar”, — degan jumlalar bilan o‘z chiqishiga yakun yasagan Dilfuza Komilova.

manba: Daryo.uz

ULASHISH