Mukammal tashqi ko‘rinishga erishish uchun ayollar qimmatbaho pardoz vositalari uchun ko‘p pul sarflaydi. Biroq ba’zida juda qimmat mahsulotlar ham uyda tayyorlangan vositalarchalik natija bermaydi. Terini mayin va nafis qiluvchi hamda ortiqcha xarajatlarni talab qilmaydigan shunday vositalardan biri muz bo‘laklaridir.

O‘tli damlamadan muz bo‘laklarini tayyorlashning universal retsepti — bir stakan suvga bir osh qoshiq gul yoki o‘t solib tayyorlashdir. O‘tlar qaynoq suvga solinib, yaxshilab aralashtiriladi. Qopqog‘ini yopib, biroz damlab qo‘yamiz. Damlama to‘liq sovigandan keyin uni shakllarga quyib chiqish mumkin.

Kosmetik muz bo‘laklarini terining alohida xususiyatlariga qarab tanlash lozim. Masalan, quruq yuz terisi uchun yalpiz va limono‘t foydali hisoblanadi. Mavrak, petrushka, bo‘yimodaron haqida ham unutmang. Qulmoq (xmel) va atirgul barglaridan ham foydalanish mumkin.

Yog‘li teri uchun sallagul va tuyatovon asosida tayyorlangan muz bo‘laklarini qo‘llash mumkin. Sachratqi, qizilpoycha, shuningdek, qirqbo‘g‘in ham ayni muddao.

Normal yuz terisi uchun bargizub, yalpiz, binafsha gul, mavrak, dastorboshdan tayyorlangan muz bo‘laklari foydali hisoblanadi.

Dorixonadagi moychechak ham universal variantlardan. Moychechak gullari ustidan qaynoq suv quyib, damlab qo‘ying, sovishini kutib, so‘ngra shakllarga taqsimlab chiqing.

Bunday muz bo‘lakchalarini bir necha marta qo‘llaganingizdan keyin teringiz muloyimlashgani va mayda ajinlarning yo‘qolgani, ko‘z ostidagi qora doiralar kamroq sezilayotganini payqaysiz.

Asosiysi, bunday damlama uchun vodoprovod suvidan foydalanmaslik (faqat mineral yoki distillangan suv) hamda terini haddan ortiq sovitib yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan surish haqida unutmang!

manba: Daryo.uz

ULASHISH