Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha 17–18 yoshlilar o‘rtasidagi jahon chempionatida 25-noyabr, juma kuni finalchilar nomi ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.

Xabarda qayd etilishicha, yarim final bahslarida o‘zbekistonlik 4 nafar charm qo‘lqop ustasi ishtirok etdi. Ulardan faqatgina bir nafari g‘alaba qozonib, finalga chiqdi.

-60 kilogramm vaznda qatnashayotgan Bilolbek Mirzarahimov turkiyalik Nejat Ekinchini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l oldi. Oltin medal uchun bellashuvda o‘zbekistonlik bokschi AQSh vakili Delant Jonsonga qarshi ringga ko‘tariladi.

-52 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Otabek Xolmatov yarim finalda yaponiyalik Xayato Sutsumiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

-56 kilogramm vazndagi Shunqor Abdurasulov amerikalik Mark Kastroga 0:4 hisobida, -91 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Shohruz Rahimov esa rossiyalik Vladimir Ujunyanga 0:5 hisobida yutqazib qo‘ydi. Shunqor Abdurasulov va Shohruz Rahimov ham bronza medalini qo‘lga kiritdi.

ULASHISH