Yosh o`tishi bilan har bir ayolning sochiga oq oralashi, yuziga ajin tushishi tabiiy. Bunday paytda ko`pchilik turlicha usullarni qo`llab, yuzdagi ajinlardan xalos bo`lishga intiladi. Ammo biz reklamasiga uchib, tanlayotgan ajinga qarshi kremlar har doim ham ko`zlangan natijani beradimi? Umuman, tarkibida qanday moddalarni jamlagan kremlar foydaliroq? Keling, bu haqda batafsil ma`lumot beramiz.

  1. Suv o`tlari ajinni yo`qotishga yordam beradi. Bu to`g`ri emas. Krem tarkibidagi suv o`tlari terini namlantirish xususiyatiga ega. Shu bois tarkibida suv o`tlari mavjud bo`lgan kremlardan foydalangach, ko`pchilik ayollar ajinlari kamayganidan xursand bo`lishadi. Vaholanki, bunday kremlar terini faqatgina yumshatishga, namlantirishga xizmat qiladi. Agar teringiz quruq bo`lmay, ortiqcha namlantiruvchi vositalar talab qilmasa, suv o`tlari ajinlar kamayishiga hech qanday yordam bermaydi.
  2. C vitamini ajinlarni kamaytiradi. Qisman to`g`ri. Kremlar tarkibidagi C vitamini terining kollagen ishlab chiqarishiga yordam beradi. Lekin bunday kremni teriga bir martagina surtish etarli emas. Chunki teri tashqi tarafdan C vitaminini ko`p miqdorda qabul qila olmaydi. U etarli darajada kollagen hosil qilishi uchun C vitaminini iste`mol qilish kerak.
  3. Mevali kislatalar chuqur ajinlarni yo`qotadi. Noto`g`ri. Aslida, krem tarkibidagi bunday kislotalar terini tozalovchi xususiyatga ega. Tarkibida mevali kislotalar mavjud bo`lgan kremlar terini tozalaydi, tekislaydi, chuqur emas, yuzaki ajinlarni yo`qotishga yordam beradi.
  4. Gialuron kislotasi terining silliq va cho`ziluvchan bo`lishiga yordam beradi. To`g`ri, lekin har doim ham emas. Gialuron moddasi odam terisi tarkibida mavjud bo`lib, terining cho`ziluvchanligini ta`minlaydi. Tarkibida ushbu modda mavjud bo`lgan krem teri ustidan surilsa, uning cho`ziluvchanligi yanada ortadi. Lekin bu modda krem tarkibida kammolekulyar shaklda bo`lishi kerak. Ko`pmolekulyar shaklda bo`lsa, faqatgina teri teshiklarini yopishga xizmat qilib, siz kutgan natijani bermaydi. Odatda, kremlar qutisida gialuron moddasi qanday shaklda ekanligi ko`rsatilmaydi. Behuda pul sarflagandan ko`ra, kosmetolog bilan maslahatlashib, qanday krem tanlashni bilib olishingiz mumkin.
  5. Tabiiy ingredientlar yaxshi natija beradi. Har doim ham emas. Qutisida “tabiiy”, “tabiiy ekstraktlar mavjud” kabi yozuvlar ayollarni ohanrabodek o`ziga tortadi. Ammo bu to`g`ri emas. Chunki tabiiy ingredientlar allergik holatni yuzaga keltiradi, sun`iy komponentlar esa gipoallergik xususiyatga ega emas. Bundan tashqari, sun`iy kosmetik vositalarda tabiiy kosmetikaga qaraganda aktiv moddalar yuqori.

Terini himoyalash uchun

  • Terini yoshlikdan, ya`ni 20yoshdanoq tashqi muhit ta`sirlaridan himoya qilgan holda parvarishlash lozim. Buning uchun kunduzgi va kechki kremlarni to`g`ri tanlashingiz kerak. Tarkibida C, E vitamini, selen mavjud bo`lgan kremlardan foydalanishingiz mumkin.
  • 35 yoshdan boshlab, retinolli kremlardan foydalanishingiz kerak. Retinol — yoshartiruvchi xususiyatga ega bo`lgan A vitaminidan olinadi. A vitamini teriga singishi juda qiyin bo`lgani uchun retinol undan ajratib olinadi.
  • Krem tanlashda teri turini inobatga olishdan tashqari, quyidagi holatlarga ham ahamiyat berishingiz kerak. C vitamini sezuvchan teriga mos bo`lib, unga o`z kollagenini ishlab chiqarishda yordam beradi. Qattiq, dag`al teriga esa tarkibida mevali kislotalar mavjud bo`lgan kremlar monand. Negaki, ular mayinlashtirish va sog`lomlashtirish xususiyatiga ega.
  • Har qanday krem tarkibida quyoshdan himoya qiluvchi “SPF” faktor mavjud bo`lishi kerak.  Bu ajinlar paydo bo`lishining oldini oladi.
  • Vaqti-vaqti bilan kremlarni almashtirib turish lozim. Chunki faqat bir turdagi krem tarkibiga moslashib qolgan terining sezuvchanligi yo`qola boshlaydi.
  • Krem surtishdan avval yuzingizni engil massaj qiling. Har qanday krem yuz terisining markaziy qismidan chetiga qarab, aylanma harakat bilan uqalab surtiladi.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH