Tabriklaymiz! Sizga dunyodagi eng buyuk baxt nasib etibdi. Ona atalmish sharafli nomni olish bilan birga, endi siz nozik yelkangizga farzand tarbiyasi hamda parvarishi kabi zalvorli yukni oldingiz.

 

1.Go`dak uchun bebaho ozuqa

Ona suti tarkibida chaqaloqqa zarur bo`ladigan vitaminlar va oziqlantiruvchi moddalarning barchasi mavjud. Bundan tashqari, u bolani har xil kasalliklardan asrovchi immun faktorlarni ham o`z ichiga olgan bo`lib, sutning harorati ham chaqaloqning ovqat hazm qilishini engillashtiradi. Farzandingizga ko`krak tutishda gigiena qoidalariga amal qilishni unutmang.

2.Bola uchun qulay sharoit yarating

Bolaning yotog`i deraza yoki devorga yaqin joyga qo`yilmasin. Muhimi, xonada elvizak bo`lmasa bas. Bola uxlayotganida unga quyosh nurlarining to`g`ri tushishidan himoyalash kerak. Xonani muntazam ravishda shamollatib turish lozim, chunki bolalar kattalarga nisbatan kislorodga ko`proq ehtiyoj sezadi. Xona namligini normal holatda ushlab turish uchun biror idishda suv bo`lishi kerak.

3.Kiyim masalasi…

Chaqaloqqa kiyim tanlaganingizda e`tiboringizni faqat tabiiy matolarga qarating. Bolani juda ham issiq o`ramang, chunki u ko`p terlaydi. Bu o`z navbatida injiqlik yoki ovqat yemasligini yuzaga keltirishi mumkin. Shuning uchun unga yengil va uncha issiq bo`lmagan ko`rpa xarid qiling. Bolaga yostiq kerak emas. Bolaning ozodaligiga e`tibor bering. Nam sochiqchalar sizga ozodalik borasida benazir yordamchilar bo`lishi shubhasiz.

4.Chiniqtiruvchi muolajalardan voz kechmang!

Havo yoki quyosh bilan chiniqtirish kabi muolaja turlari bilan qo`shimcha ravishda suv yordamida chiniqtirishni muntazam o`tkazib borish foydadan holi bo`lmaydi. Bolani nam sochiq bilan artish ham chiniqtirishning bir turi hisoblanadi. Bunda momiq yoki tabiiy matoli boshqa maxsus sochiqlardan foydalanish zarur. Avval qo`llar, oyoqlar, orqadan boshlab, so`ng sekin-asta butun badani artib chiqiladi.

5.Uyqu — bolani rivojlantiradi

Yangi tug`ilgan chaqaloqning uyqusi bir sutkada 16-18 soatni tashkil etadi. Erkin holatdagi uyqu bolaning suyak tizimini yaxshi rivojlantiribgina qolmay, balki uning organizmiga ham yaxshi ta`sir etib, kislorod bilan ta`minlashni ham yaxshilaydi. Harakatsiz yotish oqibatida muloqot qilish qobiliyati cheklanadi va faolligi sustlashadi.

6. Sayrga chiqish — rohat!

Bolani iloji boricha har kuni sayrga olib chiqish lozim. Sayr bolani chiniqtirish bilan birga atrof-olamga bo`lgan qiziqishini ham oshiradi. Maslahatimiz, to`g`ri tushadigan quyosh nurlaridan asrang. Imkon qadar, sayr vaqtlarini ertalabki soat 9-11, kechki sayrni esa soat 15-17 oralig`ida qilishga odatlaning.

7. O`z sog`lig`ingizga befarq bo`lmang!

Bolani ko`krak suti bilan boqishga qaror qilgan ona to`yib uxlashi, to`laqonli ovqatlanishi, muntazam ravishda ochiq havoda sayr qilishi lozim. Ushbu shartlarning bajarilishi bolaga zarur miqdordagi sutni etkazib berish imkonini beradi.

8. Ilk kunlardanoq mustaqillikka o`rgating!

Go`dak uch oyligidan boshlab tashqi dunyo bilan tanisha boshlaydi. Shu vaqtdan uni mustaqil bo`lishga o`rgatish lozim. Bolasi  uyg`onishi bilanoq ona u bilan o`ynaydi, gaplashadi, ko`tarib erkalatadi. Bola bu holatga tezda o`rganib qoladi, endi charchagan ona uni o`tqazib qo`yganida yig`lab, onasiga “ko`tar” deb xarxasha qiladi. Bolani o`ynatishni  uxlashidan oldin boshlagan ma`qul. Shunda u uyqudan  oldin charchaydi va davomli muloqotni talab qilmaydi.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH