Xonadonlardagi shinamlik nafaqat did bilan tanlangan mebellar, balki xonaki gullar va bezak beruvchi o‘simliklarga ham bog‘liq. Gullar kayfiyatni ko‘taradi, iliqlik va xotirjamlik hissini beradi, har qanday xonaning ko‘rinishini o‘zgartira oladi. Xonadoningizni gullar bilan bezatishning ikki usuli mavjud: bular tuvakka ekilgan gullar yoki kesilgan gullar guldastasi bo‘lishi mumkin. Bu ikki usul bir-biriga mutlaqo zid bo‘lmay, bir vaqtning o‘zida ularning har ikkalasidan foydalanish mumkin.

Ko‘pchilik uchun gullarni qayerga qo‘yish hal qilish qiyin bo‘lgan masalaga aylanadi. Qay bir xona qulayroq: mehmonxona, yotoqxona yoki bolalar xonasi? Interyerni hech bir taomilga rioya etmasdan bezatish mumkin. Tuvaklarni qayerda ko‘rishni istasangiz, o‘sha yerga joylashtiring!

Oshxona deraza tokchasi sarhil ko‘katlar yetishtirish uchun ajoyib joy bo‘la oladi. Tuvaklarga nafaqat petrushka yoki shivit, balki yalpiz, ismaloq va rayhon ham ekishingiz mumkin. Agar olachipor gullar ta’bingizga mos kelmasa, oshxona tokchasida yorqin yorongul yoki oq, pushti va binafsha ranglarga ega gunafshani o‘stirishingiz mumkin.

Agar siz uchun xonadondagi toza havo muhim bo‘lsa, “cho‘rtanbaliq dumi” deb nomlangan o‘simlik turli hidlarni o‘ziga yaxshi singdirib olishidan xabardor bo‘lsangiz kerak. U yaxshi o‘sib, alohida parvarishni talab qilmaydi.

xona-gullari-680x451Agar mehmonxonangiz keng bo‘lsa, fikus, xovey palmasi, dratsena yoki yukka kabi yirik gullarni tanlashni tavsiya etamiz. Ular zamonaviy, shuningdek, klassik uslubda bezatilgan interyerni ajoyib tarzda to‘ldirib turadi.

Xona gullari bilan bezatishda hisobga olish lozim bo‘lgan yana bir nechta tavsiyalar:

– agar xona gulqog‘ozi mayda suratlarga ega bo‘lsa, unga katta bargli, aksincha bo‘lganda esa mayda bargli o‘simliklar ko‘proq yarashadi;

– xonadondagi sharoit qanchalik yasatilgan bo‘lsa, undagi o‘simliklar shunchalik oddiy bo‘lishi lozim;

– yanada ko‘proq samaraga erishish uchun yoritib turuvchi chiroqlardan foydalaning — shunda gullar ham o‘zini yaxshi his qiladi, xonadoningiz interyeri ham boyroq ko‘rinadi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH