Xitoyning Shenchjen shahrida (Guandun provinsiyasi) o‘tayotgan IT ko‘rgazmasida ilk bor robotning insonga zarar keltirishi kuzatildi. “TASS”ning ma’lum qilishicha, internet foydalanuvchilari bu voqeani “mashinalar isyoni muqaddimasi” deb atadi.

Ko‘rgazmada bir necha yuz kompaniya yuqori texnologiyalar sohasidagi tovar va mahsulotlarini taqdim etayotgan edi. Stendlardan birining egalari jamoatchilikka kichik robotni ko‘rsatdi. U o‘z qurilishi va o‘lchamiga ko‘ra “Yulduzli janglar” qahramoni R2-D2 ga o‘xshashdir.

Ishlanma mualliflarining fikricha, droidning asosiy funksiyasi bolalarga ta’lim berish va tashrifchilar diqqatini jalb etishdir. Ammo hozircha noma’lum sababga ko‘ra robot o‘z yonidagi stendni buza boshladi, xodimlardan biri uni to‘xtatishga uringanida esa droid erkakning oyog‘ini bosdi.

Mashinaning massasi og‘irligi tufayli erkakka jiddiy zarar yetdi. U mustaqil yura olmadi, natijada tez tibbiy yordam mashinasi chaqirishga to‘g‘ri keldi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH