«Barselona» jamoasining sobiq yarim himoyachisi Xavi Ernandes «Manchester Yunayted» va «Manchester Siti» jamoalari o’rtasida 26 oktabr kuni Angliya ligasi kubogi doirasida kechadigan uchrashuv arafasida bu ikki jamoa murabbiylari Joze Mourinyo hamda Xosep Gvardiola qarama-qarshiligi haqidagi fikrlarini bildirib o’tdi.

«Mourinyoning ishlari ko’ngildagidek ketmasa, u futbol o’ynash o’rniga urush istab qoladi. U «Real»daligida shunday bo’lgan. Umid qilamanki, Angliyada bunday holatni ko’rmaymiz

Lekin men Pep va Mourinyo o’rtasidagi qarama-qarshilikning yangi bosqichi boshlanganini futbol uchun foydali deb hisoblayman. Ayniqsa bu Angliya futboli uchun yaxshi. Ular ikkisi ham zamonaviy futbolning eng kuchli murabbiylari va ularning dueli, raqobati — futboldagi eng yaxshisidir.

Lekin oldindagi o’yinga ikki tomon ham bor kuchini tashlashiga ishonmayman, ular bu turnirni jiddiy qabul qilmasliklari tayin», – deya Xavining so’zlarini keltirgan Daily Mirror.

Angliya Liga Kubogining 1/8 finali doirasidagi «Manchester Yunayted» – «Manchester Siti» bahsi Toshkent vaqti bilan 26 oktabr kuni soat 23:55da boshlanadi.

Ma`lumot uchun, Joze Mourinyo 2010–2013 yillar davomida «Real» bosh murabbiyi lavozimida ishlagan. Uning Madrid klubi boshqaruvi vaqtida «Real» va «Barselona» klublari o’rtasidagi munosabatlar maydon ichida va tashqarisida doim tarang bo’lgan.

manba: Tribuna.uz

ULASHISH