Butunjahon aksildoping agentligi (WADA) FIFAning etika qo‘mitasini Rossiya sport vaziri, FIFA ijroiya qo‘mitasi a’zosi va Rossiya futbol ittifoqi rahbari Vitaliy Mutko faoliyatini tekshirishga chaqirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

WADA tarqatgan matbuot xabarnomasida aytilishicha, Vitaliy Mutkoning Sochi Olimpiya o‘yinlarida ro‘y bergan doping qallobliklaridagi ishtiroki fosh etilgani jiddiy tekshiruvga sabab bo‘lishi lozim.

Bugun, 18-iyul kuni WADA mustaqil komissiyasi Sochidagi doping janjali yuzasidan o‘tkazilgan taftish yakunlariga bag‘ishlab Kanadaning Toronto shahrida matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda komissiya rahbari Richard Maklaren amalga oshirilgan qalloblikdan Mutko ham boxabar bo‘lganini va bunda bevosita ishtirok etganini aytdi.

“Maklaren hisoboti shuni tasdiqlaydiki, RF sport vazirligi hamda boshqa davlat idora va muassasalarida o‘tirgan, hisobotda tilga olingan barcha shaxslar lavozimlaridan ketmaguniga qadar RUSADA’ning e’tiroflarini WADA kodeksiga muvofiq deb topib bo‘lmaydi”, — deyiladi xabarnomada.

Shuningdek, agentlik rossiyalik amaldorlarni barcha musobaqalar, jumladan, Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlariga yaqinlashtirmaslikni tavsiya etdi.

“Rossiya hukumat mansabdorlari xalqaro musobaqalar, jumladan, 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlariga yaqinlashtirilmasligi lozim”, — xulosa qilinadi hujjatda.

Manba

ULASHISH