Vladivostok atrofidagi Sputnik bekati yaqinida dahshatli topilma aniqlangan. Xabarlarga ko’ra, temir yo’l liniyasida tanasidan uzilgan inson boshi, qo’l va oyoq qismlari topilgan. Politsiya xodimlari olib borgan tezkor choralar natijasida O’zbekiston fuqarosini o’ldirib, uni bo’laklashda gumon qilingan 2 kishi qo’lga olingan.

VL.ru agentligining huquq idoralaridagi manbasining so’zlariga ko’ra, inson tanasi a`zolari 25 noyabr kuni kechqurun, Sputnik bekatidan 300 metrlar uzoqlikda temir yo’l polotnosida topilgan. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiyachilar jinoyatchilarni qidirish ishlarini boshlab yuborgan.

Operativ amaliyot natijasida Aleksandrovich ko’chasidagi xususiy uylardan birida istiqomat qiluvchi 62 yoshli erkak va uning 32 yoshli o’g’li qo’lga olingan. Uyning yerto’lasida qon izlari hamda pichoq va arqonga duch kelingan. Ushlanganlar o’z qilmishlariga iqror bo’lib, unchalik ham yaxshi tanish bo’lmagan o’zbekistonlik bilan spirtli ichimlik ichish chog’ida o’zaro janjal kelib chiqqanini aytishgan. Shundan so’ng, ota-bola qotillar jabrdiydani pichoqlab, so’ngra yerto’laga olib tushishgan. Bu yerda uni bo’laklarga bo’lishgan.

O’z jinoyatlarini yashirish maqsadida qotillar bo’laklarni temir yo’lga olib borib tashlagan. Ma`lum bo’lishicha, jinoyatchilar qo’lidan halok bo’lgan shaxs O’zbekistonning 29 yoshli fuqarosi bo’lgan.

Ayni vaqtda, qotillik bo’yicha jinoiy ish qo’zg’atilgan. Tergovchilar voqeaning barcha tafsilotlarini o’rganmoqda.

manba: Kun.uz

ULASHISH