Viskonsin shtati saylov komissiyasi AQSh prezidenti saylovidagi ovozlarni yangidan hisoblab chiqadi. Ovozlarni qayta hisoblash talabi Yashillar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lgan Jil Stayndan chiqqan (u ham saylovda qatnashib, mamlakat bo‘yicha 1 foizga yaqin ovoz olgan). Respublikachilar esa ularning nomzodi (ya’ni, Donald Tramp) g‘alaba qozongan shtatdagi ovozlarni qayta hisoblash Hillari Klinton foydasiga ishlashi mumkin, degan fikrda. Meduza nashri nima uchun Staynning tashabbusi haqiqatan ham g‘alati ekani va Viskonsinda bo‘layotgan bu jarayon saylov yakunlariga qanchalik ta’sir qilishi haqida yozdi.

Jil Stayn Viskonsinda salkam 31 mingta ovoz olgan — bu shtatda tarqatilgan jami saylov byulletenlarining 1 foizidan sal ko‘proq. Ovozlarni qayta hisoblash tashabbusi ortida Hillari Klinton jamoasi turgani haqidagi gumonlar ham shu yerda tug‘iladi: ovozlarni qayta hisoblattirishdan Staynning o‘ziga hech qanday amaliy foyda yo‘q. Yashillar nomzodi esa Donald Tramp kichik farq bilan g‘alaba qozongan uch bahsli shtatda ovozlarni qayta hisoblattirmoqchi — ya’ni, nazariy jihatdan Staynning harakatlari homiysi aynan Klinton bo‘lishi mumkin. Tramp Viskonsindagi ovozlarni qayta hisoblashni qalloblik deb atadi.

Saylov yakunlari bo‘yicha haq-huquq talashish — qimmatbaho jarayon. Jil Stayn Viskonsin, Pensilvaniya va Michiganda ovozlar qayta hisoblab chiqilishiga erishmoqchi — buning uchun u har bir shtatda kamida million dollarga yaqin pul sarflashga majbur bo‘ladi (masalan, Michiganda ovozlarni qayta hisoblashni talab qilgan nomzod har bir uchastka uchun 125 dollardan hisoblab, saylov komissiyalari xodimlari ish haqini to‘lashi lozim. Shtatda saylov uchastkalari soni 6300 ta, demak, Stayn 787,5 ming dollar to‘lashi kerak). Staynning shtabi ovozlarni qayta hisoblash uchun mablag‘ yig‘ish kampaniyasini boshlagan va hozirgacha qariyb olti million dollar to‘plab bo‘ldi — qiziq tomoni, Staynning shtabi o‘z saylovoldi tashviqoti uchun atigi 4,8 million dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan edi. Bu ham respublikachilarning tanqidiga sabab bo‘ldi.

Qayta hisoblashning rasmiy sababi — ovozlarni hisoblash va saylovning dastlabki natijalarini e’lon qilish vaqtidagi qoidabuzarliklardir. Vaholanki, avvalroq Hillari Klintonning shtabi saylov davomida uning kuzatuvchilari biror-bir jiddiy qoidabuzarlikni aniqlamaganini ta’kidlagan edi. Boz ustiga, Oq uy vakillari ham saylov natijalarini adolatli deb hisoblash lozimligi va saylov kuni tashqi tomondan (xususan, xakerlar tomonidan) hech qanday aralashuv kuzatilmaganini ma’lum qilgan edi. Saylovdagi qalloblik va soxtalashtiruvlar haqida hammadan ham ko‘proq Donald Tramp gapirgandi — uning so‘zlariga ko‘ra, “millionlab odamlar” Klintonga noqonuniy ovoz bergan. Mazkur bayonot rasman tasdiqlanmadi.

Hillari Klintonning shtabi Staynning tashabbusini ma’qulladi. Klinton saylov kuni mag‘lubiyatini tan olganiga qaramay, 26-noyabr kuni uning maslahatchisi Mark Elias Klintonning jamoasi ovozlarni qayta hisoblash jarayonida qatnashishi haqida yozdi.

Ovozlarni qayta hisoblash Klintonga Michiganda g‘alaba keltirishi mumkin — u yerda Tramp atigi 10700 ta ovozga o‘zib ketgan. Viskonsinda esa farq 27 ming ovozdan ortiq, Pensilvaniyada esa 70 mingga yaqin. Saylov natijalari o‘zgarib, Tramp prezidentlikdan quruq qolishi uchun, ovozlarni qayta hisoblash yakunariga ko‘ra Klinton har uchala shtatda ham g‘olib deb topilishi kerak — shunda u tanlovchilar hay’atining qo‘shimcha 46 ta ovozini qo‘lga kiritadi va prezidentlik kursini egallash uchun zarur bo‘lgan 270 ovozdan 276 tasiga ega bo‘ladi. Hozirgi holatda bir yoki ikki shtatdagi qayta hisoblash natijasiga ko‘ra prezidentlik saylovida g‘olib chiqish imkonsiz.

Ovozlarni qayta hisoblash kamdan-kam hollarda saylovning dastlabki natijalarini o‘zgartiradi. Masalan, 2000-yili Floridagi ovozlarni qayta hisoblash El Gorga 1247 ta ovozni taqdim etgan, biroq shtatda baribir kichik Jorj Bush g‘alaba qozongan. FiveThirtyEight loyihasi hisob-kitoblariga ko‘ra, shtatlar darajasidagi 4687 saylov kampaniyasidan 27 tasida ovozlarni qayta hisoblash o‘tkazilgan bo‘lib, faqat uchta holatda g‘olib o‘zgargan (e’tiborli tomoni, har uchala safar demokratlar g‘oliblikni qo‘lga kiritgan).

manba: Daryo.uz

ULASHISH