Yorqin va toza yuz terisi tabiatan hammaga ham berilavermaydi. Bunday natijaga erishish uchun ko‘p hollarda ancha mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Bunda sizga losyon va toniklar yordamga keladi.

Tonik — yuz terisining ustki qismidan pardoz vositalarining qoldiqlari, sovun va ortiqcha yog‘ni tozalash vositasidir.

Tonikning foydali xususiyatlari

  • Tabiiy PH balansni qayta tiklaydi;
  • qattiq suv ta’sirini neytrallashtiradi;
  • antiseptik ta’sir ko‘rsatadi;
  • qizarishni yo‘qotadi;
  • teri qarishining oldini oluvchi antioksidantlar bilan oziqlantiradi.

Ideal teriga erishish uchun har doim ham ko‘p mablag‘ sarflash talab etilmaydi. Uyda bor mahsulotlardan ham bunday vositani tayyorlash mumkin. Quyida nisbatan samarali retseptlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Bodringli tetiklashtiruvchi losyon

Zarur masalliqlar

  • 5—7 dona sarhil yalpiz barglari;
  • yarimta bodring;
  • 1 choy qoshiq borat kislota (dorixonalardan xarid qilish mumkin);
  • 1 stakan qaynatilgan suv (45—50 daraja).

Tayyorlanishi

Yalpizning ustidan suv quyib, 2 soatga issiq joyga qo‘ying. Bodringni blender yoki mayda qirg‘ichdan chiqaring. Hosil bo‘lgan aralashmani yalpiz damlamasiga qo‘shib, suzib oling. Eng oxirida borat kislotasini qo‘shing.

Limonli oqartiruvchi tonik

Kerakli masalliqlar

  • 1/2 stakan suv;
  • 1 osh qoshiq limon sharbati;
  • 1 choy qoshiq bura (tanakor; dorixonalarda sotiladi);
  • 1 choy qoshiq gullardan tayyorlangan asal.

Tayyorlanishi

Yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlarni yaxshilab aralashtiring. Uni 24 soatga tindirib qo‘ying.

Ko‘katli tetiklashtiruvchi tonik

Zarur mahsulotlar

  • 2 shoxcha petrushka;
  • 2 shoxcha kashnich;
  • 2—3 ta sarhil yalpiz bargi;
  • yarimta bodring;
  • 1 stakan qaynoq suv.

Tayyorlanishi

Ko‘katni maydalab, ustidan suv quying va ikki soatga tindirib qo‘ying. Bodringni qirg‘ichdan chiqarish davomida hosil bo‘lgan sharbatni dokadan o‘tkazing. Ularni aralashtirib, tindirib qo‘ying.

manba: Daryo.uz

ULASHISH