Lola Karimova-Tillayeva Facebook’dagi sahifasida Abdulla Oripovning oilasiga chuqur ta’ziya bildirdi.

“O‘zbekiston adabiyoti og‘ir judolikka uchradi. Kuni kecha xalqimiz o‘zining yana bir ulug‘ farzandidan ajradi.. Abdulla Oripov bizning g‘ururimiz, faxrimiz edilar. Bu insonning she’rlari bilan katta bo‘ldik, ulg‘aydik, tarbiya oldik. Yoshligimizdan bizni ezgulik tomon o‘z she’rlari bilan yetaklab borgan sevimli shoirimiz edilar. Shoirning ‘Xayr endi’, ‘Yolg‘izlik’, ‘Savob’, ‘Onajonim’, ‘Dunyoni qizg‘anma’, ‘Sen Pushkinning sevgan malagi…’, ‘Bahor’ kabi she’rlari, ‘Jannatga yo‘l’ kabi poemalari xalqimiz qalbini abadul abad zabt etdi.

Abdulla Oripov jisman o‘limga taslim bo‘ldi, lekin uning she’rlari o‘lmasdir, ular hech qachon, yuz yillar o‘tar, ming yillar o‘tar, o‘limga taslim bo‘lmagaylar, demak Abdulla Oripov bizning qalbimizda, kelajak avlodimiz qalbida mangu yashaydi. U zamonamizning Navoiysi, Abdulla Qodiriysi edi. Abdulla akaning oilalariga chuqur ta’ziyamizni bildiramiz. Joylari jannatdan bo‘lsin. Oxiratlarini mehribon Parvardigor obod qilsin”, — deyiladi xabarda.

Lola Karimova-Tillayeva ta’ziyasi so‘ngida shoirning O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotiga bag‘ishlab yozgan satrlarini keltirib o‘tdi:

O‘zbek osmonida so‘ndi cho‘ng yulduz,
Katta-yu kichikning ko‘zini yoshlab.
Foniy bu dunyoning baland-pastiga,
Teran nazar tashlab o‘tdi bu Inson.
Millat qadri deya yashab aslida,
Xalqining dardiga bo‘loldi darmon.
Bugun judolik bor gar qalbimizda,
Lekin g‘urur yashar havas qilgulik.
Abadiyat o‘sdi ko‘z oldimizda,
Shundoq yonimizdan o‘tdi Mangulik.
(Abdulla Oripov, 2016-yil, sentabr)

manba: Daryo.uz

ULASHISH