Aholini, ayniqsa, yoshlarni turli zararli oqimlar ta’siridan asrash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mazkur tartiblarga rioya qilmay, turli diniy mazmundagi adabiyotlarni noqonuniy ravishda O‘zbekistonga olib kirishga urinish holatlari uchrab turibdi, deb yozadi Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 13 ta qonunbuzarlik holatida 38 dona turli shakldagi diniy materialning noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Fuqaro A.Aminova (maqoladagi barcha ism shariflar o‘zgartirilgan) Rossiyada yurgan kezlari yon atrofidagilarning qo‘l telefonlaridagi diniy ma’ruzalarni tinglab, darrov o‘zinikiga ko‘chirib oladi. O‘zbekistonga kirib kelayotganida, bojxona postida amaldagi tartiblarga muvofiq uning qo‘l telefoni ko‘zdan kechirilganda, telefon xotirasida aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan diniy mazmundangi materiallar borligi aniqlandi.

Diniy mazmundagi materiallarni ekspertiza qilish guruhi mutaxassislarining xulosa qilishicha, ushbu materiallar “O‘zbekiston islomiy harakati” ekstremistik guruhiga qarashli “Jundulloh” jihodiy studiyasi tomonidan tayyorlangan ekan. Ushbu ayol mazkur qilmishi ortidan jinoiy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, fuqarolar G.Saidxonov Rossiyadan yonida olti dona diniy adabiyot va bir dona arab alifbosida to‘ldirilgan yozuv daftari bilan, X.Xolboyev esa noutbuki xotirasida diniy mazmundagi olti dona videolavha va besh dona ma’ruza bilan qaytdi. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, ushbu materiallarni ham O‘zbekistonga olib kirish taqiqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

ULASHISH