Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning samolyoti Atlantika okeani ustida avariyali vaziyatga uchradi, deya xabar bermoqda “Gundogar.org”.

31-oktabr kuni Atlantika okeani ustidagi havo hududida “Turkmaniston havo yo‘llari”ning mamlakat prezidentiga xizmat qiladigan Boeing 777 samolyoti bilan avariyali hodisa yuz berdi.

Samolyot Ashxobodga Atlanta (AQSh)dan yo‘lovchisiz qaytayotgan edi. Samolyotga 5-sentabrdan buyon AQShda texnik xizmat ko‘rsatilgan. Atlantika okeani ustidan uchib o‘tayotib, ekipaj dvigatellardan birida moy miqdori keskin kamayib ketganini sezib qolgan, shundan so‘ng samolyot yo‘nalishini o‘zgartirib, Islandiyaning Reykyavik aeroportiga majburan qo‘ngan.

Nosozliklar bartaraf etilgach, samolyot grafikdan 46 soatga kechikkan holda Ashxobodga uchib ketgan, natijada Gurbanguli Berdimuhammedov Sochiga Vladimir Putin bilan uchrashish uchun zaxira samolyotda parvoz qilishiga to‘g‘ri kelgan.

Boeing vakillari ham, Turkmaniston rasmiy OAVlari ham vaziyatga hech qanday izoh bergani yo‘q.

manba: Daryo.uz

ULASHISH