AQShning yangi prezidenti bo’lishga hozirlik ko’rayotgan Donald Tramp saylovlardan keyingi ilk intervyusini bergani haqida avval xabar qilingan edi. U birinchi galda, Hillari Klinton pochta mojarosini davom ettirish emas, balki mamlakatning sog’liqni saqlash va bandlikka oid muammolarini hal qilish, chegara nazoratini kuchaytirish masalalari bilan shug’ullanishini bildirdi.

Tramp bu haqda, The Wall Street Journal gazetasiga bergan intervyusida so’z yuritgan.
«Bu men o’ylab yurgan narsa emas, chunki men sog’liqni saqlash, bandlik, chegaralar nazorati hamda soliq islohoti masalalarini hal qilmoqchiman», — degan Tramp.

Avvalroq, Tramp Klinton davlat kotibi bo’lgan vaqtlarda shaxsiy elektron manzilidan foydalanganiga oid mojaro yuzasidan maxsus prokurorni tayinlashiga va`da bergan edi.

Trampning aytishicha, u amaldagi davlat rahbari Barak Obamaning arzon tibbiy sug’urta borasidagi islohotlarining ayrim bandlarini saqlab qolishi mumkin. Uning aytishicha, umuman olganda, Obamacare tashabbusidan amalda foydalanib bo’lmaydi, chunki u shunchalik qimmatga aylanadiki, «siz sug’urta qilish imkoniga ega bo’lmaysiz».

Donald Tramp, shuningdek, Amerika xalqini birlashtirishni va «barcha bir-birini yaxshi ko’radigan» mamlakatni qurish istagini bildirgan. U imkon qadar ijobiy bo’lishga va`da berar ekan, mamlakat muammolari, jumladan, giyohvandlik va noqonuniy muhojirlikka qarshi kurash kabi masalalarni hal etish borasida jiddiy niyatda ekanini ta`kidlagan.

Siyosatchining fikricha, ichki tanglikni yo’qotishning eng yaxshi usuli bu ish o’rinlarini barpo etishdir. Tramp umummilliy infratuzilmalar loyihalari hamda avval o’ylab qo’yilgan xalqaro savdo kelishuvlarini imzolash bilan bunga erishish mumkinligini aytgan. U shuningdek, arzon ish kuchi qidirib, xorijiy mamlakatlarda zavod-fabrikalarini quruvchi kompaniyalardan qo’shimcha to’lovlar undirilishi mumkinligini rad etmagan. Bundan tashqari, banklar kreditlarni erkinroq berishlari uchun ularni nazorat qilish yumshatiladi.

AQShning yangi prezidenti lavozimiga kirishgach, Suriyada, ushbu mamlakat yetakchisi Bashar Asadni hokimiyatdan chetlatish emas, balki IShIDga qarshi kurashish niyatida ekanini aytgan. Nashrning yozishicha, Tramp AQShning Suriyada yuritajak rejalarini batafsil aytmagan bo’lsa-da, Barak Obama ma`muriyatining haqiqiy muxolifatni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatini davom ettirmasligini uqdirgan. «Mening Suriyaga nisbatan qarashim, ko’pchilikning qarashidan farq qiladi», — degan milliarder.

Shu bilan birga, Donald Tramp, Suriyadagi mojaro, unda ko’pgina manfaatdor tomonlarning ishtirok etayotgani bilan murakkabligini qayd etgan. «Biz Suriya isyonchilarini qo’llab-quvvatlayapmiz, ammo ularning aslida kimligini bilmaymiz», — degan Tramp. «Biz Suriya bilan jang qilmoqdamiz, Suriya IShID bilan urushmoqda, biz yana IShIDdan ham xalos bo’lish niyatidamiz, — deya qo’shimcha qilgan Tramp. — Rossiya endilikda Suriyaning mutlaq ittifoqchisi. Bundan tashqari, bizlar tufayli ancha qudratli bo’lib olgan Eron ham Suriya tarafdori».

Trampning fikricha, agar Qo’shma Shtatlar Asad armiyasiga hujum qilsa, «AQSh bir vaqtning o’zida ham Rossiya va Suriya bilan jang qilishga bel bog’lagan bo’ladi».

manba: Kun.uz

ULASHISH