Yaponiyaning Toyota Motor kompaniyasi Takata tomonidan ishlab chiqarilgan va ba’zida piropatroni o‘zidan o‘zi ishlab ketadigan xavfsizlik yostiqchalaridagi muammo sabab jahon bo‘yicha 5,8 million dona avtomobilini chaqirib oladi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.

Xabar berishlaricha, kompaniya 2000 yil may oyidan 2001 yil noyabriga qadar, shuningdek, 2006 yil aprelidan 2014 yil dekabriga qadar ishlab chiqarilgan avtomobillarni, xususan, Corolla va Yaris modellarini chaqirib olmoqda.

Mazkur jarayon doirasida Yaponiyada 1,16 million dona avtomobil, Xitoyda 820 mingta, Yevropada esa taxminan 1,47 million dona avtomobil chaqirib olinadi.

Chaqiruvga tushgan mashinalar Markaziy va Janubiy Amerika, Afrika, Yaqin Sharq mamlakatlarida, shuningdek, Singapurda ham sotilgani aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, Toyota Corolla jahonda eng ko‘p sotiluvchi avtomobillardan biri sanaladi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH