Toshkent shahrining Shayxontohur tumani, Farobiy ko‘chasida qurilayotgan uy qulashiga katta ehtimol bilan beton qoplamaning me’yordan ortiq bosimi sabab bo‘lgan. Bu haqda voqea joyidagi hodisa tafsilotlari bilan tanish manbalar ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yerto‘laga ega ikki qavatli bino ko‘cha yoqasida (“O‘zbekiston” mahallasi) bo‘lib, unga savdo obyektlari, ikkinchi qavatiga esa trenajyor zalini joylashtirish rejalashtirilgan.

Birinchi va ikkinchi qavat o‘rtasidagi beton plitalar usti qurilish materiallari bilan to‘ldirib tashlangan. Og‘irlikni ko‘tara olmagan plitalar g‘ishtli devorlar bilan birga qulab tushgan.

Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda binoda 11 kishi bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt kishi qurbon bo‘lgan (rasman uch kishi ekani xabar qilindi), yana bir kishining ahvoli og‘ir.

Halok bo‘lganlar (ular orasida bino egasi ham bor) va jarohatlanganlar qutqaruvchilar kuchi bilan bino bo‘laklari ostidan olindi. Ayni paytda hodisa joyida tozalash ishlari olib borilmoqda. Farobiy ko‘chasi transport vositalari harakati uchun ochilgan.

ULASHISH