Toshkentda favvorali xiyobonga aylantirish maqsadida yopilgan ko‘cha ikki oy o‘tib yana avtoyo‘lga aylantiriladigan bo‘ldi

Toshkentda 21-oktabr kuni Oybek ko‘chasining avgust oyida yopilgan Nukus va Turkiston ko‘chalari oralig‘idagi qismini qayta ochish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

fontan-3

Xabar berishlaricha, qariyb qurib bo‘lingan favvorani buzish ishlari jadal olib borilmoqda, trotuar yoqasidan to‘siqlar olib tashlangan, ishchilar sug‘orish tizimlarini demontaj qilmoqda.

fontan

Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, yo‘l 24-oktabr, dushanba kuniyoq avtomobillar harakati uchun ochilishi mumkin.

fontan-1

Eslatib o‘tamiz, Oybek ko‘chasining bu qismi 19-avgust kuni yopilgan edi. Toshkent shahar hokimligi ushbu yo‘l “vokzaloldi hududlarini yanada obodonlashtirish, ushbu ko‘chada istiqomat qilayotgan ko‘p sonli aholining madaniy hordiq chiqarishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida” yopilganini ma’lum qilgan edi.

photo_2016-08-19_14-12-19

Shahar hokimligi qariyb qurib bo‘lingan favvora va dam olish hududining buzilib, yana avtoyo‘lga aylantirilishi, ushbu ko‘chada istiqomat qilayotgan ko‘p sonli aholi endi qayerda madaniy hordiq chiqarishi borasida hozircha hech bir izoh yo tushuntirish berganicha yo‘q.

Ma’lumot uchun, oktabr oyi boshida Toshkentning Mustaqillik ko‘chasi bilan kesishadigan bir qator yo‘llar ham ochilgan edi. “Gazeta.uz”ning qayd etishicha, bu alohida yo‘nalishlardagi yo‘l holatini yaxshilashga imkon bergan.

ULASHISH