Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida 27-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning 5-oktabrdagi farmoni talablariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi.

Tadbirda Bosh prokuratura, Davlat soliq qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi rahbarlari farmon mazmun-mohiyati, undan kelib chiqadigan dolzarb vazifalar xususida batafsil to‘xtaldi.

Onlayn tarzda tashkil etilgan anjuman Toshkentning yana to‘qqizta yirik muassasasi (ular orasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri, “Turkiston” san’at saroyi, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy va boshqalar bor) va shaharning barcha tumanlaridagi 505 ta mahalla, shaharda faoliyat olib borayotgan 35 mingdan ortiq tadbirkorni qamrab oldi.

“Tadbirda shaharning turli tumanlaridan taklif etilgan ko‘plab tadbirkorlarning farmondan kelib chiqib kiritilgan yangiliklar, yaratilgan qulaylik va imtiyozlar borasidagi ko‘plab savollariga rahbarlarning shaxsan o‘zi javob berdi”, — deyiladi Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati xabarida.

ULASHISH