Facebook tarmog’idagi «Potrebitel.uz» guruhi a`zolari iste`molchi sifatida biror bir mahsulot yoki xizmat ko’rsatish markazlariga muntazam ravishda o’z munosabatlarini bildirishadi. 28 oktabr, juma kuni Zlata Kazakova ismli foydalanuvchi Reggae bean kafesida ko’rsatilgan xizmatga o’z noroziligini bildirdi.

«Bugun Reggae bean kafesiga bordik, tunetsli sendvich buyurtma qildik. Mana, bizga nima olib kelishdi, — deya sendvich suratini ilova qiladi foydalanuvchi. — «Tunets qani?» degan savolimizga javob bizni lol qoldirdi: «U tunets sousi bilan»…

Iste`molchi bunday nufuzli kafe uchun nonga mayonez surib, 4ta bodring bo’lagi qo’shib, buni tunetsli sendvich deya mijozlarga tortiq qilishidan taajjublanganini yashirmaydi. «U holda shunday deb yozib qo’ying — tunets hidli sendvich», — deya qo’shimcha qiladi u.

Bu murojaatga nisbatan guruh a`zolari tomonidan ko’plab izohlar bildirildi — kimdir buni hazilga yo’ysa, yana kimdir 10 000 so’mga bundan ortig’ini kutish nojoizligini yozib qoldirdi, boshqa birovlar esa oshpazni almashtirishni maslahat berishdi.

Izoh qoldirganlar orasida o’zini yuqorida nomi qayd qilingan kafe rahbari deya tanishtirgan Shohista Yunusova mijozga quyidagi mazmunda javob berdi: «Xayrli kun! Mening ismim Shohista, men — shu kafe rahbariman. Bildirilgan barcha tanbehlar o’rinli, fikringiz uchun rahmat. Biz test rejimida ish boshlagan edik, barcha zaif tomonlarimizni ko’rib chiqdik va seshanbadan boshlab yangi menyuni tatbiq qilamiz, shu jumladan, tunetsli sendvich shunchaki tunetsli sous bilan emas, tunets balig’ining o’zi bilan birga tortiq qilinadi. Umuman olganda, ishlar u qadar yomon emas, agar sizga nimadir yoqmagan bo’lsa, o’z istaklaringizni bizga aytishingiz yoki shikoyatlar kitobida yozib qoldirishingiz mumkin. Barchaga ijobiy kayfiyat yor bo’lsin!»

Foydalanuvchilardan biri bunday sendvich va gamburgerlar bizning mintaqa uchun yot ekani hamda uning o’rniga hech qayerda reklama qilinmasa-da, ichida doim go’shti bo’lgan mazali va to’yimli somsa yeyishni tavsiya qiladi.

Reggae bean kafesi oshpazi Rajiv Zokirov ham izohlovchilar qatoriga qo’shilib, shikoyatga o’z munosabatini bildiradi: «Hurmatli, Zlata Kazakova. Biz sendvich uchun sousni mayonez va konservalangan tunetsdan tayyorlaymiz. Sizning shikoyatingizni inobatga olaman. Taomlar ustida hali ko’p ishlaymiz, zero har kuni sevimli mijozlarimiz o’z istaklari bilan tashrif buyurishadi. Hammaning ko’ngligi olish qiyin, lekin biz oltin o’rtalikni saqlashga harakat qilamiz! Sizni ko’rishdan doim xursand bo’lamiz! Izohlar va munosabatlar uchun rahmat!»

ULASHISH