Bir oy avval Rossiyada hashamat borasida kimdir Elina Bajayevani ortda qoldirishini tasavvur qilish qiyin edi: uning to’y ko’ylagi badavlat otasi Muso Bajayevga 20 million rublga tushgan edi. Rossiyadagi eng qimmatbaho kelin nomi Elinadan tojikistonlik Madina Shokirovaga o’tdi. Madina — tojik oligarxi Ilhom Shokirovning qizi. U Moskva shahrida Sardor ismli yigitga turmushga chiqdi. To’y tantanasi Radisson Royal mehmonxonasining «Kongress-park» zalida bo’lib o’tdi. Nufuzli oila vakillari u yerga 900 kishini taklif qilishdi. Gullar bilan bezatilgan ulkan inshootda kelin o’zining to’y ko’ylagi bilan hammani lol qoldirdi. Ushbu to’y haqida «Layf» nashri xabar berdi.

Madina Shokirova eksklyuziv eskiz uchun kavkaz kelinlari orasida talabgor bo’lgan dizayner — livanlik Zuhayr Murodga emas, britaniyalik modelerlar Tamara Ralf va Maykl Russolarga murojaat qildi. Ralph & Russo brendining so’rovlari Zuhayr Murodnikidan ancha yuqori ekanligi ma`lum bo’ldi: Haute Couture kolleksiyasidagi to’y ko’ylagi uchun britaniyalik modelerlar 500 ming funt sterling (40 million rubl) so’rashdi. Haqiqiy qirolichalar libosiga kumush metall ipda ishlov berilgan, u bir necha ming  marvaridlar hamda Svarovski kristallari bilan bezatilgan. Jahon kino va shou-biznes yulduzlari orasida Ralph & Russo brendiga talab katta.

Kelinning dugonalari Madinaning ko’ylagiga havas bilan termulayotgan vaqtda mehmonlarga Ivan Urgant, Alla Mixeyeva va qo’shiqchi Glyukoza, shuningdek, o’zbekistonlik boshlovchi Nilufar Sotiboldiyeva va «Yalla» guruhi solisti Farrux Zokirov xizmat ko’rsatishdi. «Kongress-park» sahnasida Filipp Kirkorov o’zining shou-baleti bilan qatnashdi. Kelin-kuyov raqsi dog’istonlik qo’shiqchi Timur Temirovning «Nebo nad zemley» sokin qo’shig’i ostida ijro etildi. Shuningdek, Soso Pavliashvili va Leonid Agutin ham o’z ishtiroklari bilan to’y oqshomiga fayz bag’ishlashdi. Mehmonlarga Markaziy Osiyo taomlari va taniqli qandolatchi Renat Agzamov tomonidan tayyorlangan tort tortiq qilindi.

To’y oldidan kelin ikki marta «qiz majlisi» o’tkazdi: birinchisi Ispaniyaning Marbelesida bo’lsa, ikkinchisi Moskvaning eng qimmatbaho restoranlaridan biri Balzi Rossi’da. Madina Ispaniyaga o’zining eng yaqin dugonalari bilan birga xususiy samolyotda borib keldi.

Kelinning otasi — tadbirkor Ilhom Shokirov Toshkentning eng qimmatbaho «Grand» mehmonxonasi hamda O’zbekistondagi «Demir» ko’ngilochar markazlarining 65 foizi, shuningdek Podmoskovedagi bir necha mehmonxonalarga egalik qiladi.

manba: Kun.uz

ULASHISH