Xitoyning LeEco konglomeratiga tegishli Amerikaning Faraday Future kompaniyasi ilk seriyali modelining tizerini namoyish etdi. Niqobdagi avtomobil namoyish etilgan videolavha ishlab chiqaruvchining YouTube sahifasiga joylashtirildi.

Hozircha, model haqida boshqa ma`lumot keltirilmagan. Tesla bilan xaridorlar uchun kurashishga bel bog’lagan Faraday Future kompaniyasi yangi mahsuloti elektr motor bilan ta`minlanishini tasdiqlashdi.

Avval xabar qilinganidek, Faraday Future kompaniyasining birinchi seriyali modeli 2017 yil boshida Las-Vegasda bo’lib o’tajak iste`mol elektronikasi ko’rgazmasida namoyish etiladi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi, «oliy toifali, turli texnologiyalar bilan to’ldirilgan va eng uzoq masofaga yura oladigan elektromobil ishlab chiqish»ini ta`kidlab keladi.

Faraday Future’ning birinchi mahsuloti — kontsept elektr superkari FFZERO1 — 2016 yil yanvarida namoyish etilgan edi. Elektrokarga jami quvvati ming ot kuchiga teng 4ta dvigatel o’rnatilgan. Muhandislarning hisob-kitoblariga ko’ra, FFZERO1 100 km soat tezlikka 3 soniyadan kamroq vaqtda erisha oladi. Uning eng yuqori tezligi soatiga 320 kmni tashkil etadi.

manba: Kun.uz

ULASHISH