Toshkent axborot texnologiyalari universitetining iqtidorli talabalari tomonidan yaratilgan yangi loyiha va dasturlar soha rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Mazkur o‘quv yurti talabasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi Mohinur Abdug‘afforova yangilik yaratishga ishtiyoqi baland yoshlardan, deya xabar beradi O‘zA.

— Ilmiy rahbarim Venera Karimova bilan birgalikda “Pasport stoli uchun ma’lumotlar bazasi” hamda “Pasport stolida navbatda turishni avtomatlashtiruvchi” dasturini yaratdik, — deydi M.Abdug‘afforova. — Pasport stoli uchun ma’lumotlar bazasi dasturi mamlakatning pasport xizmati bilan shug‘ullanadigan barcha muassasalaridagi hujjatlarni bitta dasturga birlashtirish imkonini beradi. Bu dastur orqali fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjat haqidagi ma’lumotni, O‘zbekistonning qaysi hududida bo‘lishidan qat’i nazar, ushbu bazadan topish mumkin bo‘ladi. Pasport stolida navbatda turishni avtomatlashtiruvchi dasturda bitta kompyuter orqali navbatda turishni samarali tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu dasturlar nafaqat soha xodimlariga, balki aholiga ham katta qulaylik yaratib, vaqt va mablag‘ni tejashga xizmat qiladi.

Iqtidorli talabaning mazkur dasturlari joriy yilda o‘tkazilgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar IX Respublika yarmarkasida namoyish etildi va olimlar, ishtirokchilarning ijobiy bahosiga sazovor bo‘lib, diplom bilan taqdirlandi.

ULASHISH