“Traktornaya” temiryo‘l stansiyasining sobiq rahbari 1,3 kilometrga yaqin temiryo‘l relslarini o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Bu haqda Tatariston tergov boshqarmasi ma’lum qildi, deb yozadi “Vesti.ru”.

Tergov taxminiga ko‘ra, 2016-yilning yozida stansiyaning o‘sha paytdagi rahbari Denis Petrov Yelabujskiy tumani Bexterevskiy qishlog‘i hududidan o‘tgan temiryo‘l relslarini o‘g‘irlagan.

U relslarni olib chiqib ketish uchun bir necha ishchini yollagan, ular 9-avgust kuni har biri 25 metr bo‘lgan 51 ta relsni shpallardan yechib olgan. Shundan so‘ng Petrov tanishlaridan traktor va uchta Kamaz avtomobilini olib turgan va o‘g‘irlangan relslarni unga ortib, do‘stining bazasiga saqlash uchun joylagan.

Tergovchilar jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni 3 million 700 ming rublga baholadi.

Stansiya rahbariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudda ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH