O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli rejissor Melis Abzalov vafot etdi. Bu haqda “O‘zbekkino” milliy agentligi ma’lum qildi.

O‘zbek kinosining asoschilaridan va eng yorqin namoyandalaridan biri hisoblangan Melis Abzalov 18-noyabr kuni 78 yoshga to‘lgan bo‘lardi.

Melis Abzalov 1938-yil 18-noyabrda Yangiyo‘lda tavallud topgan. Abzalov 1961-yil Toshkent davlat san’at institutini tugatgan. 1962-yil “O‘zbekfilm”da ishlashni boshlagan. 1961—1962-yillar Yosh tomoshabinlar teatrida aktyor boʻlib ishlagan. 1962—1965-yillar “O‘zbekfilm” kinostudiyasida rejissor assistenti, keyinchalik rejissor va aktyor, 1989-yildan “Vatan” kinostudiyasining badiiy rahbari bo‘lib faoliyat yuritgan.

Abzalov ijodiga komediya janridagi filmlar yaqin boʻlib, ular o‘ziga xos milliy bo‘yoqlarga boyligi, xarakterlarning to‘liq ochilganligi bilan ajralib turadi. Filmlarida yengil lirika o‘tkir satirik epizodlar bilan uyg‘unlashib ketadi.

Abzalov aktor sifatida Abdulla (“Yettinchi o‘q”), Olloyorboy (“Inson qushlar ortidan boradi”), Eshon Zaynullo (“Qo‘qon voqeasi”), Qorashoh (“Arslonning sarguzashtlari”) va boshqa obrazlarni yaratgan. Rejissor sifatida “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Armon”, “Maysaraning ishi”, “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “O‘tgan kunlar”, “Chimildiq” kabi filmlarni ishlagan.

Uning filmlaridagi dialoglar maqolu matallariga aylanib ketgan.

ULASHISH