O‘zining qora bo‘shliqlar va insoniyatga xavf soluvchi turli fojealar haqidagi nazariyalari bilan mashhur fizik olim Stiven Hoking semirish — bugungi kundagi eng dolzarb muammolardan biri ekanligini aytish uchun ijtimoiy reklamada suratga tushdi.

Stiven Hoking ortiqcha vazn XXI asr odamiga xavf tug‘dirayotganini, bugungi kunda ko‘pchilik aynan semizlikdan kelib chiqadigan asoratlar tufayli vafot etayotganini ta’kidlagan. «Biz juda ko‘p ovqatlanamiz, lekin juda kam harakatlanamiz” — deydi fizik. Shu bilan birga u bu muammoning yechimi juda oddiy ekanligini, buning uchun jismoniy faollikni oshirish lozimligini aytib o‘tgan.

Olim o‘z nutqida “it’s not rocket science” — “bu ilm-fan bilan shug‘ullanishdek qiyin emas” iborasini qo‘llagan. O‘z murojaatining so‘ngida umrining ko‘p qismini nogironlar aravachasida o‘tkazgan olim, harakatsiz hayot tarzi qanday qilib muammoga aylanganini tushunishga qodir emasligini aytib o‘tgan.

Oldinlari insoniyat muammolari haqida fikr yuritganda Stiven Hoking semirish kabi “xo’jalik” muammolarga emas, balki yadroviy urush xavfi, sun’iy intellektning nazoratdan chiqib ketishi, genlarning modifikatsiyaga uchrashi kabi masalalarga ko‘proq e’tibor berar edi. Olimning fikricha insoniyatni bu turdagi muammolardan qutilish yo‘li boshqa sayyoraga ko‘chib o‘tishdir.

Semirishning eng dolzarb muammoga aylanib borayotgani haqiqatda dolzarb masaladir. Aprel oyida birinchi marta ortiqcha vazndan aziyat chekuvchilar, vazn yetishmasligidan aziyat chekuvchilarga qaraganda ko‘paygani e’lon qilindi. Bundan tashqari, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra dunyodagi har 4 o‘limdan biri kam harakatli hayot tarzi bilan bog‘liq.

ULASHISH