Kuz faslida organizmimizga vitaminlar yetishmasligini teri va sochlar holatiga qarab darhol aniqlashimiz mumkin. Agar vaziyatni hoziroq yaxshilamasangiz, qishda turli muammolarga duch kelishingiz tayin. Foydali moddalar xazinasini to`ldirishda olmalar yordamga keladi. Bu mevani har kuni iste`mol qiling. Olma qon aylanishini yaxshilaydigan va terini ichki tomonidan parvarishlab, sog`lom ko`rinish bag`ishlaydigan pektin moddasiga boy. Meva tarkibidagi kislotalar soch tuzilishini yaxshilab, ularga ipakday mayinlik va jilo baxsh etadi. Teriga nafaqat ichki, balki tashqi tamonlama ham ta`sir o`tkazish uchun olmali niqoblardan foydalaning.

Olma va smetanadan yuz uchun niqob. Olma po`stini artib, qirg`ichdan o`tkazing. So`ng 1 osh qoshiq smetana bilan aralashtirib, yuzingizga surting. 15 daqiqadan keyin iliq suv bilan yuvib tashlang.

Olma va asaldan soch uchun oziqlantiruvchi niqob. Olmani mayda tishli qirg`ichdan o`tkazing, 1 choy qoshiq asal, 2 osh qoshiq smetana va atalangan tuxum sarig`i bilan aralashtiring. Niqobni sochingizga surtib, polietilen bilan yopib, sochiq o`rab qo`ying. 40 daqiqadan so`ng shampunlab yuving.

Olma va suli yormasi (ovsyanka)dan qo`llar uchun niqob. Mayda tishli qirg`ichdan o`tkazilgan olmani 1 choy qoshiq asal va 1 osh qoshiq maydalangan suli yormasi bilan aralashtiring. Tayyor bo`lgan aralashmani qo`llaringizga surting. 20 daqiqadan so`ng avval iliq, keyin salqin suvda chaying.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH