Amerikalik o’qituvchilarning so’zlariga ko’ra, Disney kompaniyasining «Sohibjamol va maxluq» ertagi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu haqida The Independent nashri xabar berdi.

Emma Uotson ishtirokidagi yangi kartina premerasi munosabati bilan «Sohibjamol va maxluq» ertagi AQShda yana diqqat markazida. Nashrda ta`kidlanishicha, ba`zi maktablarga yangi dars rejalari kelib tushgan bo’lib, ularda ichki zo’ravonlik mavzusi bir qator Disney ertaklari misolida ko’rib chiqiladi.

«Maxluq Bellga hujum qilmaydi, lekin jismoniy zo’ravonlik xavfi mavjud. Film ayol chiroyli va mehribon bo’lsa, u badjahl odamni o’zgartirishi hamda uni ijobiy insonga aylantirishi mumkinligiga ishora qiladi. Boshqacha qilib aytganda, agar erkak kishi unga yaxshi munosabatda bo’lmasa, bu ayolning aybi», — deyiladi darslik rejasida.

Manbaga ko’ra, Disneyning boshqa personajlari — Suv parisi, Zolushka, Oppog’oyda ham ana shunday vaziyat kuzatiladi. Mualliflarning fikricha, «yuz-ko’zida baxt aks etgan yosh ayollar uyidagi ishlarni bajarib, erkaklarning kelishini kutib o’tirishadi».

«Disneyda irqchilik/zo’ravonlik» nomli dars rejasi ta`lim saytiga noma`lum o’qituvchi tomonidan yuklangan bo’lib, u 11 ming marta ko’rib chiqilgan.

O’z navbatida, real ta`lim kampaniya raisi Kris Makgovern mazkur materialni oilaviy qadriyatlar va ertaklardagi donishmandlikka nisbatan axloqsiz hujum deb atadi.

manba: Kun.uz

ULASHISH