AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Edvard Snouden oshkor qilgan ma’lumotlar AQSh prezidentligiga saylovlar natijalariga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda qochoq amerikalikning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Anatoliy Kucherena ma’lum qildi, deb yozadi “Interfaks”.

“O‘z xatti-harakatlari bilan Edvard Snouden hammaga, avvalo, o‘z hamyurtlariga Amerika hukumati inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzayotgani va qonunga zid faoliyat olib borayotganini aytmoqchi bo‘ldi. Natijada AQSh fuqarolarida amaldagi hukumat haqida muayyan fikr paydo bo‘ldi va u prezidentlik saylovlari natijasida o‘z aksini topdi”, — dedi Kucherena.

Uning fikricha, “demokratlarning mag‘lubiyati ularning butun dunyo bo‘ylab tajovuzi tufayli oldindan aniq edi”.

“AQSh fuqarolari Obama ma’muriyati bir narsani gapirib, amalda esa boshqacha ish tutganini ko‘rdi. U Guantanamo turmasini yopishga va’da berdi, biroq u hamon yashab, gullab-yashnamoqda. Amerikalik harbiy xizmatchilar mamlakatdan tashqaridagi jangovar harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Bu ham, tabiiyki, AQSh aholisining katta qismiga yoqmaydi”, — dedi Kucherena.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunda  katta rolni AQSh hukumati nafaqat oddiy fuqarolarni, balki chet mamlakatlar yetakchilarini yashirincha tinglash orqali nimalar bilan shug‘ullanayotganini butun dunyoga oshkor qilgan Snouden o‘ynagan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH