Shveysariya banklari 16-noyabr, chorshanba kuni 1956-yildan beri talab qilinmagan jamg‘armalarning 300 ga yaqin egasi ro‘yxatini e’lon qildi. Gap jami 8 million frankdan (taxminan 8,03 million dollar) iborat summa haqida ketmoqda. Bu haqda mamlakat banklar assotsiatsiyasi ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.

Yil davomida ular o‘z huquqlari haqida bildirishi kerak. Agar hisob raqam 1954-yilda ochilgan bo‘lsa, buni 5 yil davomida amalga oshirish mumkin. Mazkur muddat davomida vakolatli shaxslar tomonidan talabnoma berilmagan taqdirda, mablag‘lar oxirgi muddat yakunlanganidan so‘ng ikki yil mobaynida Shveysariya hukumatiga o‘tkazib berilishi lozim.

“Mudroq hisob raqamlar” egalarining ro‘yxati mamlakatda ilk bor o‘tgan yili e’lon qilingandi. Kuchga kirgan yangi qonunchilikka ko‘ra, banklar kamida 60 yil avval aloqa uzilgan jamg‘arma egalarini qidirish uchun shunday yo‘l tutishi talab etiladi. Gap faqat jamg‘armasi 500 frank va undan yuqori bo‘lgan mijozlar haqida ketmoqda.

Shveysariya banklar assotsiatsiyasiga ko‘ra, 2015-yil dekabridan beri o‘tgan yili chop etilgan ro‘yxatdagi har bir 20-mijoz yoki uning merosxo‘ri o‘z huquqlarini ma’lum qilgan. Ro‘yxatda 1955-yildan beri harakatsiz 2,6 mingdan ortiq bank raqamlaridagi umumiy hisobdagi 44 million frankga yaqin summa haqida ma’lumot berilgan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH