19-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Respublika Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. Syezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida davlat boshqaruv tizimi faoliyatiga tanqidiy baho berdi.

“Oldimizda turgan ulkan maqsad va vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish uchun davlat boshqaruv tizimi va uning apparati samarali faoliyat yuritishi zarur, albatta.

Biroq, xolisona aytganda, bugun aksariyat davlat idoralarining ish uslubi davr talabiga to‘liq javob bermaydi. Ayrim vazirlik va idoralar aholi muammolarini hal etishda rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymoqda, ular ko‘pincha quruq raqam va ma’lumotlar to‘plash bilan ovora.

Vazirlik va idoralarda ular mas’ul bo‘lgan sohalardagi ahvolni chuqur tahlil qilib, kamchiliklarni tizimli ravishda aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan faoliyat yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu bilan birga, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasida mahalliy hokimliklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Shu o‘rinda hokimlik idoralarining moddiy-texnik bazasini tubdan mustahkamlash, ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini mutlaqo qayta ko‘rib chiqish zarurligini qayd etmoqchiman.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va butun boshqaruv tizimida aniq tartib va qat’iy intizomni ta’minlash maqsadida faqat joriy yilda Bosh vazirning 2 ta o‘rinbosari, 22 ta vazir va idoralar rahbarlari, Toshkent viloyati, Jizzax, Qarshi va Termiz shaharlari hamda 21 ta tuman hokimlari lavozimlaridan ozod etildi. Ishni jamoa bo‘lib bajarsak ham, uning natijasi uchun har birimiz shaxsan javob berishimiz shart.

Muammolarning asosiy sababi – kadrlarni tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq. Yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat o‘zgarishi yuz bermaydi.

Davlat idoralari faoliyatini tashkil etishda barchamiz muhim bir haqiqatni chuqur anglab olishimizni istardim.

Sodda qilib aytganda, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt keldi.

Afsuski, hayotda buning aksini ko‘rsatadigan ba’zi bir raqamlarga sizning e’tiboringizni qaratmoqchiman. Shu yilning o‘zida Vazirlar Mahkamasiga, vazirlik va idoralarga, barcha darajadagi hokimliklarga tushgan murojaatlarning umumiy soni 338 mingtani tashkil etdi. Ulardan 200 mingdan ortig‘i yoki 60 foizi tuman va shaharlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu raqamlar joylarda odamlarning dardu tashvishlari bilan hech bir mutasaddi rahbar astoydil shug‘ullanmayotganini ko‘rsatadi.

Ishga joylashtirish, yer uchastkalari ajratish, ish haqi va pensiyalarni o‘z vaqtida to‘lash masalalari bo‘yicha murojaatlar soni ko‘paygan. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga doir murojaatlarning oshgani, ishimizdagi kamchiliklardan dalolat beradi. Shular qatorida aholining huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan bo‘lgan e’tirozlari ham talaygina.

Rahbarlarning mas’uliyatsizligi, ba’zan odamlarning ehtiyojlari va haqli talablariga befarqligi, ularning murojaatlariga panja orasidan qarashlari tufayli Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelayotgan shikoyatlarning oqimi doimiy ravishda ortib bormoqda.

Bundan tashqari, Bosh vazirning yaqinda Internet tarmog‘ida tashkil etilgan virtual, ya’ni, elektron qabulxonasiga o‘tgan 3 hafta ichida 50 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi.

Bunday mas’uliyatsiz va sovuqqon munosabatga qat’iyan chek qo‘yishimiz shart. Fuqarolarning har qanday muammolarini hal etish davlatning xalqqa nisbatan asosiy majburiyatlaridan biri ekanini unutishga hech kimning haqqi yo‘q.

Shuning uchun rahbarlar muntazam ravishda xalq orasida bo‘lib, shaxsiy qabullar tashkil etishlari, joylardagi muammolarni hal qilishlari zarur.

Bundan keyin joylardagi rahbarlar faoliyatiga birinchi navbatda ular bosh­qarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho beriladi. Qisqa qilib aytganda, rahbarlarga xalqning o‘zi baho beradi.

Shu bilan birga, ko‘plab davlat xizmatchilarining zimmasiga katta mas’uliyat yuklanganiga qaramasdan, ularning ish kuni va ish haftasi aniq me’yorga solinmagani hech kimga sir emas.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlat xizmatchilariga yuksak talablar qo‘yishdan oldin ularning huquqlarini kafolatlash va himoya tizimi bilan mustahkamlash darkor.

Masalaning o‘ta dolzarbligini e’tiborga olib, davlat xizmati bo‘yicha qonun qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz”.

ULASHISH