26-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan chin dildan tabrikladi hamda unga faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga esa tinchlik-xotirjamlik va yuksalish tiladi.

O‘z navbatida, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov iliq tabriklar uchun samimiy minnatdorlik bildirib, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik, osoyishtalik va gullab-yashnashni tilab qoldi.

Suhbat asnosida tarixan qisqa muddatda birodar Turkmaniston puxta o‘ylangan keng miqyosli sotsial-iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar strategiyasi tufayli iste’dodli va mehnatsevar turkman xalqining farovonligi oshishi va ma’naviy yangilanishini, xalqaro miqyosda mamlakat nufuzining oshishini ta’minlash ishida yuqori marralarga erishgani ta’kidlandi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan turli darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlarda erishilgan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar realizatsiyasini muhokama qildi.

Ikki davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibi hamda dolzarb xalqaro muammolar bo‘yicha rivojlanib borayotgan, o‘zaro ishonchga asoslangan va ochiq O‘zbekiston–Turkmaniston muloqotini ikki xalq ravnaqi, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida izchil davom ettirishga qat’iy tayyorligini tasdiqladi.

ULASHISH