19-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Respublika Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. Syezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, mamlakat iqtisodiy qudratining o‘sishi, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish, ayniqsa, qishloq joylarda bunga erishish mamlakat hududlari kompleks va izchil rivojlanishi bilan belgilanadi.

“Bugungi kunda 14 ta hududdan 5 tasi yoki ularning 36 foizi, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari respublika budjetidan subvensiya oluvchi hududlar qatoriga kiradi.

Bundan tashqari, Jizzax va Yangiyer shaharlari hamda 167 ta tumandan 121 tasida yoki 72 foizida mahalliy budjet daromadlari subvensiya yordamida shakllantirilmoqda.

Shu munosabat bilan Birinchi Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan, bir qator viloyatlar, Toshkent, Qarshi, Shahrisabz, Termiz, Namangan, Urganch va Guliston shaharlari, shuningdek, Bulung‘ur va Nishon tumanlarining sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosini ta’minlashimiz zarur;

shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari 2017-yilning birinchi yarim yilida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Mamlakatimiz hudud va mintaqalarini zamon talablari asosida taraqqiy toptirish uchun biz aniq reja va hisob-kitoblarga ega bo‘lishimiz zarur.

Shu maqsadda hukumatimizning tashabbusi bilan joriy yilning sentabr—oktabr oylarida mamlakatimizdagi 182 ta shahar va tumandagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy holat atroflicha o‘rganib chiqildi.

Chuqur tahlillar asosida har bir hududning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari, talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda, 2017—2021-yillarda tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha muhim dasturlar har bir mahalla kesimida ishlab chiqildi.

Subvensiya oladigan 81 ta tuman moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi to‘la ta’minlaydigan hududga aylanadi, shuningdek, 41 ta tuman va shahar bo‘yicha subvensiya darajasi keskin kamayadi.

Bizning kelgusi rejalarimizda azim poytaxtimiz Toshkent shahrini nafaqat mintaqamiz, balki dunyodagi eng go‘zal va obod megapolislardan biriga aylantirish eng muhim va ustuvor masala bo‘lib qoladi.

Toshkent shahri uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik dastur – Sirg‘ali tumanida yaqin kelgusida 500 ta ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy barpo etish loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bu esa qariyb 30 ming oilani yangi uy-joy bilan ta’minlash imkonini yaratadi. Shunisi e’tiborliki, bu uylar imtiyozli ipoteka kreditlari asosida beriladi va eski, hech bir sharoiti yo‘q, pastqam uylarda yashayotgan aholini bosqichma-bosqich zamonaviy uylar bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shaharning barcha tumanlarida yangi madaniyat va istirohat bog‘lari barpo etish, yashil maydon va hududlarni yanada ko‘paytirish, kommunal va savdo xizmatlari sifatini yaxshilash, yangi transport-kommunikatsiya tarmoqlari va xizmat turlari, madaniy-maishiy obyektlar bunyod etish, yer ustidan o‘tadigan tezyurar metro yo‘nalishlarini qurish, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni hayotdan rozi qilish masalasiga ustuvor ahamiyat beriladi.

Bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan sotsial-ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun biz respublika miqyosidagi 15 ta maqsadli dasturni puxta ishlab chiqishimiz va amalga oshirishimiz zarur.

Avvalo, qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini e’tiborga olib, qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish dasturini qabul qilish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu dasturga ko‘ra, birgina kelgusi yilning o‘zida to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Boshlang‘ich to‘lov hajmi ikki barobar kamaytirilishi hamda arzon loyihalar asosida barpo etilishi natijasida ehtiyojmand oilalar alohida uy-joy va xonadonlarga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, 2017—2020-yillarda shahar joylarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun 5, 7 va 9 qavatli arzon uylar quriladi”.

ULASHISH