O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni “2017—2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Qaror qishloq aholisining keng qatlamlari uchun zamonaviy va shinam uylardan foydalanish darajasini tubdan oshirishga, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga va qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Qarorda besh yillik davrga mo‘ljallangan qishloq joylarda arzon uylar qurishning ko‘lamli Dasturini amalga oshirish nazarda tutilgan. Dasturga asos qilib olingan yangilangan namunaviy loyihalar qishloq aholisining fikrlari va istak-xohishlari hisobga olinib ishlab chiqilgan.

Dasturni moliyalashtirishga 2017-yilning o‘zida 2 trillion 121,5 milliard so‘m yo‘naltiriladi, shu jumladan uy quruvchilarning mablag‘lari bilan birgalikda davlat byudjetidan 350,0 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek tijorat banklarining 2 trillion so‘mdan ortiq miqdoridagi kredit resurslarini jalb etish nazarda tutiladi.

Umuman olganda, Dasturda 2017-yilda 15 mingta yangi uy va kvartira, shu jumladan 4608 ta birinchi turdagi, 3739 ta ikkinchi turdagi, 3672 ta uchinchi turdagi uylarni hamda 0,06 gektar maydonga 3, 4 va 5 xonali 2981 ta bir qavatli uy qurish nazarda tutiladi.

Shu bilan birga yangi qurilayotgan uy-joy massivlarida faqat davlat resurslari hisobiga 415,3 kilometr suv ta’minoti tarmoqlari, 291,5 kilometr elektr ta’minoti tarmoqlari, 316,9 kilometr gaz ta’minoti tarmoqlari va 260,3 kilometr avtomobil yo‘llari, shu jumladan massivlar ichida kirish yo‘llari va yo‘llar, shuningdek 134 ta ijtimoiy infratuzilma obyektini barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Dasturning samarali amalga oshirilishi davlat tuzilmalarining alohida nazorati ostida bo‘ladi, unda nazarda tutilgan ko‘rsatkichlar bajarilishining tizimli monitoringi olib boriladi.

“Yangilangan loyihalar bo‘yicha barpo etiladigan uylar o‘zining narx parametrlari, sifat tavsiflari va shinamliligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda o‘xshashi yo‘qligini e’tirof etish zarur”, — deb yozadi “Gazeta.uz”.

ULASHISH