19-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Respublika Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. Syezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l-transport infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarni birma-bir tahlil qildi.

“Kelajakda tasdiqlanadigan Qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturi biz uchun g‘oyat dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etishga qaratiladi.

Bu muammolar asosan quyidagilardan iborat: birinchidan, bugungi kunda mamlakatimiz aholisini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 67 foizni tashkil etmoqda; ikkinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida markazlashgan ichimlik suvi ta’minotida muammolar mavjud.

Bu yo‘nalishda o‘tgan davrda mamlakatimizda katta ishlar qilinganini albatta e’tirof etish zarur. Ayni vaqtda aholimiz soni o‘sib, oxirgi 25 yilda 10 millionga ko‘paydi va bugungi kunda 31 million 800 mingni tashkil etmoqda.

Shuning uchun nafaqat yangi oilalar va mahallalar, balki o‘nlab yangi-yangi qishloq va shaharchalar paydo bo‘layotganini hisobga oladigan bo‘lsak, mavjud vaziyat bu borada kechiktirmasdan, samarali choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Bugungi kunda aksariyat joylarda odamlarni qiynab kelayotgan ana shu muammoni yechish maqsadida kelgusi besh yil davomida qariyb 9 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Bu esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida 3,2 million aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va mamlakatimizda ushbu ko‘rsatkichni 67 foizdan 84 foizga yetkazish imkonini beradi.

Shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida “Toza suv” maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi.

Ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun hozirgi vaqtda Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligini tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmoqda.

Bugungi kunda aholi va korxonalar tomonidan elektr quvvati yetkazib berish masalasida ko‘plab e’tirozlar mavjud ekanini ochiq tan olish kerak. Buning sababi shundaki, mamlakatimiz bo‘yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan bo‘lib, transformator punktlari zo‘riqib ishlamoqda. Kuz—qish mavsumida ularni almashtirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar esa masalani tubdan hal etayotgani yo‘q.

Shuning uchun kafolatlangan va barqaror elektr quvvati yetkazib berish maqsadida Shahar va qishloq aholisining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash dasturi ishlab chiqilmoqda.

Besh yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstansiyalarini almashtirish nazarda tutilgan.

Navbatdagi dolzarb masala yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq. Bugungi kunda aksariyat qismi achinarli ahvolga kelib qolgan mintaqaviy va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarga ham e’tibor qaratadigan vaqt keldi.

Ba’zi bir raqamlarga murojaat qilsak. 75 ming kilometr yoki 64 foiz ichki yo‘llarimiz ta’mirtalab ahvolda. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining bir qismi hech qanday qoplamasiz, ya’ni tuproq yo‘llardir. Shuningdek, 9 ming 500 kilometr yo‘llarni rekonstruksiya qilish talab etilmoqda.

Yangi dasturda umumiy foydalanishdagi 1 ming 700 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, aholimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan 10 ming 400 kilometrlik xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash rejalashtirilmoqda.

Ushbu dasturni amalga oshirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Yo‘l jamg‘armasini va “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasining tashkiliy tuzilmasini mutlaqo tubdan qayta ko‘rib chiqamiz.

Mazkur dasturning mantiqiy davomi sifatida Qishloqlar va shaharlarda transport xizmatini yanada yaxshilash dasturi ham ishlab chiqiladi. Bu dasturga asosan 74 ta avtovokzal va avtostansiya rekonstruksiya qilinadi va yo‘lovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratilib, ularning xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Yangi 3 mingta avtobus, 5 ming 700 ta mikroavtobus sotib olinib, 300 dan ortiq yangi avtobus yo‘nalishlari ochiladi va mavjud yo‘nalishlardagi eskirgan avtobuslar yangilanadi.

Shu bilan birga, havo va temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida avvalo, Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etishimiz zarur.

Shular qatorida Buxoro – Miskin temir yo‘l tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish va elektrlashtirish, Qarshi – Termiz, Pop – Namangan – Andijon – Qo‘qon temiryo‘llarini elektrlashtirish ishlari ham ko‘zda tutilmoqda.

Qattiq maishiy chiqindilarni sanitariya yo‘li bilan tozalash va utilizatsiya qilishni yanada yaxshilash dasturi shaharlarimiz va qishloq aholi punktlarining tozaligi va go‘zalligini oshirish, atrof-muhitni zaharlaydigan va aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan, noqonuniy paydo bo‘lgan 1,5 mingta chiqindixonani yo‘q qilish imkonini beradi.

Ayni vaqtda maishiy chiqindilar uchun, jumladan, barcha viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 168 ta poligon barpo etiladi. Chiqindilarni tozalash bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar qo‘shimcha ravishda 405 ta zamonaviy maxsus texnika bilan ta’minlanadi.

Yana bir muhim masala – ko‘mirning tannarxi va aholiga sotish narxini kamaytirish, ayniqsa, qish paytida uning bahosi oshishiga va chayqovchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”.

ULASHISH