19-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Respublika Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. Syezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

Shavkat Mirziyoyev kelgusida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida asosiy diqqat-e’tiborni quyidagi strategik yo‘nalishlarga qaratishni zarur, deb hisoblamoqda.

“Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va keyingi yillarda erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish. Shuningdek, milliy valyutamiz, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlash.

Moliyaviy sohada esa – tarmoq va hududlarni mutanosib rivojlantirish hisobidan mahalliy budjetning daromad bazasini kengaytirish lozim bo‘ladi.

Tuman va shaharlarda mahalliy budjetlar imkoniyatlarining kengayishi – shu hududlarda yashaydigan aholining turmush darajasi va sharoitlari yaxshilanishiga, umuman barqarorlik va osoyishtalikka xizmat qilishi lozim.

Agar biz shahar va tuman budjetlarining daromadlar bazasini kengaytirmasak, hech qachon ushbu hududlarni jadal rivojlantirish mumkin emasligini yaxshi anglashimiz kerak.

Iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatdoshligini yanada oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizatsiya va faol diversifikatsiya qilishdir.

Bizning oldimizda 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazish bo‘yicha o‘ta muhim vazifalar turibdi.

Shu maqsadda yaqinda kimyo sanoatini, rangli va nodir metallar, uglevodorod xomashyosini qayta ishlash, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, meva-sabzavot mahsulotlari va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha 8 ta maxsus dastur qabul qilindi.

Ana shu dasturlar doirasida yaqin besh yil ichida umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar bo‘lgan 657 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar ortadi.

Hozirgi vaqtda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqildi. Mazkur dastur qiymati 2 milliard 300 million dollar bo‘lgan 140 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshadi.

Yana bir muhim masala. Arzon va ishonchli dori-darmon bilan ta’minlash masalasida bugun biz aholimizdan qarzdormiz va o‘ylaymanki, bu qarzni uzish vaqti keldi.

Ayni paytda biz tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga qimmat dorilarni asossiz ravishda tayinlashga, dorixona tarmoqlarida narx-navoning besabab oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan eng qat’iy choralarni ko‘ramiz. Davlat dorixona tarmoqlarida hayotiy muhim dori vositalarining aniq belgilangan narxlarda sotilishi ta’minlanadi.

Bu borada tasdiqlangan dasturdagi va hududiy 100 dan ortiq loyihalarning amalga oshirilishi 162 ta yangi, hozirgi vaqtda chetdan olib kelinayotgan dori vositalarini o‘zimizda ishlab chiqarish va ularning umumiy hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini beradi”.

ULASHISH