19-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Respublika Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. Syezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida qishloq xo‘jaligidagi ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifa – avvalo yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishdir.

Bu borada zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish, mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini takomillashtirish hamda chuqur qayta ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Hosildorligi past yerlarda paxta ekishni qisqartirish sabzavot, dukkakli va ozuqabop ekin maydonlarini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda, yuqori texnologiyaga asoslangan intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish bilan birgalikda olib boriladi.

Masalan, keyingi yillarda Surxondaryo viloyatida paxta hosildorligi pastligicha qolmoqda. Fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvoli yildan-yilga yomonlashmoqda. Tomorqalardan foydalanish ham talab darajasida emas. Vaholanki, Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida fevral oyidan boshlab bemalol 3 marta hosil olish imkoni bor.

Shuning uchun 2017-yilda tuproq unumdorligi past yerlar hisobidan ushbu hududning qariyb 18 ming gektar paxta va 1000 gektar g‘alla maydonlari qisqartiriladi. Ushbu maydonlarda sabzavot va meva yetishtiriladi, intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi, issiqxonalar tashkil qilinadi. Natijada mahsulotlarni chuqur qayta ishlash hajmi keskin ko‘payib, qo‘shimcha qiymatli eksportbop mahsulotlar tayyorlanadi. Bu aholining manfaatdorligi oshishi va daromadi yanada ko‘payishiga olib keladi.

Ana shu masala boshqa viloyatlarda ham bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqiladi va bunday tadbirlar ularda ham davom ettiriladi.

Yaqin kunlarda 2017—2020-yillarga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish yakuniga yetkaziladi.

Dasturga muvofiq, ekin maydonlarini optimallashtirish, paxta maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirish ta’minlanadi.

Asosiy e’tibor eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat hamda chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish shoxobchalarini tashkil etish va servis xizmatlari ko‘rsatishga qaratiladi.

Kelgusi 5 yilda biz meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmini 1,8 barobar oshirib, bugungi 17 foizdan 30 foizga ko‘paytirishni vazifa qilib qo‘ymoqdamiz.

Qo‘shimcha tarzda 200 ming tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega bo‘lgan sovutgichli omborxonalar quriladi. Bu o‘z navbatida yangi ish o‘rinlari ochish, aholi daromadini ko‘paytirish va mahalliy budjetga qo‘shimcha mablag‘ tushirish imkonini beradi.

Asosiy vazifalarimizdan yana biri – qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishning mavjud tizimini takomillashtirishdan iborat.

Bu ishlarni amalga oshirmasdan turib, biz kafolatlangan barqaror hosildorlikni, butun agrosanoat kompleksini rivojlantirishni va eng muhimi, fermerlarning moddiy manfaatdorligini oshirishni va qishloq joylarda turmush darajasini yaxshilashni ta’minlay olmaymiz. Bu tadbirlarning amalga oshirilishi ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi”.

ULASHISH