Karnegi-Mellon universiteti, Hindiston milliy texnologiyalar instituti va Indraprastxi axborot texnologiyalari instituti mutaxassislari selfiga tushish paytida ro‘y bergan o‘lim holatlari keskin ortib ketganini aniqladi. Tadqiqot natijalarini “Hi-Tech.Mail.ru” keltirmoqda.

Tadqiqot davomida faqatgina bevosita selfi tushish jarayoni bilan bog‘liq o‘lim holatlari inobatga olindi. Ta’kidlanishicha, ushbu holatlarda suratga tushishdan voz kechilganida, odamlar o‘lmay qolar edi.

Selfi tufayli o‘limlar haqidagi ilk ma’lumotlar 2014-yil martida OAVda paydo bo‘ldi. Shundan buyon selfiga tushish chog‘ida 127 kishi halok bo‘ldi: 2014-yilda — 15 kishi, 2015-yilda — 39 kishi, 2016-yilning dastlabki sakkiz oyida esa — 73 kishi.

Hindiston bunday o‘limlar bo‘yicha rekordchiga aylandi — butun mamlakatda 76 o‘lim holati qayd etildi. Qo‘shni Pokiston 9 o‘lim bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Uchlikka AQSh yakun yasadi (8 o‘lim holati). Rossiyada bu ko‘rsatkich 6 holatni tashkil etdi.

Halok bo‘lganlarning 75,5 foizi erkaklardir. Ularning aksariyati 20–24 yosh orasida. 16 holatda bir paytning o‘zida ikki kishi, besh holatda biryo‘la uch kishi, ikki holatda birvarakayiga yetti kishi, bir marta besh kishi halok bo‘ldi.

Selfi paytidagi o‘lim holatlarining asosiy sababi sifatida balandlikdan yiqilish ko‘rsatildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda — cho‘kish va suvga yiqilib g‘arq bo‘lish. Bundan tashqari, selfi ishqibozlari YTHda halok bo‘lgan, poyezd ostida qolib ketgan, qurol bilan ehtiyotkor munosabatda bo‘lmagan, jonivorlar hujumi yoki elektr toki zarbasidan halok bo‘lgan.

manba: Daryo.uz

ULASHISH