Samsung Electronics kompaniyasi Galaxy Note 7 smartfonlarining akkumulyatorlari o‘z-o‘zidan o‘t olishi bilan bog‘liq 140 holatni tasdiqladi. Bu haqda, kompaniya vakillari o‘tkazilayotgan tekshiruv doirasida bergan hisobotiga asoslanib, The International Business Times xabar bermoqda.

Aytilishicha, kompaniya umumiy hisobda shu modelda 2,5 million uskuna chiqargan. Shulardan 1,59 millioni sotilgan. O‘z navbatida, sotilgan smartfonlardan 1,47 millioni qaytarib olingan.

Kompaniyaga umumiy hisobda batareyaning qizib ketishi yoki uning yonib ketishi bilan bog‘liq 220 shikoyat kelib tushgan. Kompaniya apparatlarni almashtirib berishni o‘z zimmasiga olganidan so‘ng ham shikoyatlar to‘xtamagan — almashtirilgan gadjetlarda xuddi shu muammoni kuzatgan 119 kishi shikoyat qilgan.

Bugungi kunga qadar birinchi partiyadan 117, ikkinchi partiyadan 90 gadjet texnik ekspertizadan o‘tkazildi. 47 holatni Samsung tekshira olmadi.

Yakuniy xulosaga ko‘ra, birinchi xaridlardan 85 smartfonda, almashtirilgan uskunalarning esa 55 tasida yonish kuzatildi.

Kompaniya voqea sabablarini tekshirishda davom etmoqda.

manba: Daryo.uz

ULASHISH