Samarqandda tramvay yo‘li qurilishi boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

“Tramvay qatnovining dastlabki bosqichi Samarqand temiryo‘l vokzali maydoni va Sartepa massivi oralig‘ida yo‘lga qo‘yiladi. Po‘lat izlar Beruniy, Buyuk ipak yo‘li, Amir Temur, Turkiston ko‘chalarida yotqiziladi. Umumiy uzunligi 8 kilometrdan iborat mazkur yo‘l qurilishining dastlabki ishlari boshlandi”, – deydi Samarqand shahar arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Tojiboyev

Yo‘l qurilishining ikkinchi bosqichida tramvay yo‘nalishini Temiryo‘l vokzalidan Siyob dehqon bozorigacha, uchinchi bosqichida Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan Kimyogarlar shaharchasiga qadar uzaytirish ko‘zda tutilgan.

5-oktabr kuni Samarqand shahrida bo‘lgan O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev aholiga qulaylik yaratish borasida zamonaviy tramvay liniyalari barpo etish zarurligini ta’kidladi va shaharda dastlabki tramvay qatnovini 2017- yil Navro‘z bayramiga qadar yo‘lga qo‘yish haqida ko‘rsatma bergan edi.

Shavkat Mirziyoyevnning Samarqandga tashrifi haqida ma’lumot bergan “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” informatsion dasturida shahardagi dastlabki tramvay liniyasi Siyob bozori va Sartepa mavzesi oralig‘ida yo‘lga qo‘yilishi aytib o‘tilgan edi.

Ma’lumot uchun, Samarqandda 1947—1973-yillarda ham elektr tramvay qatnagan, u shahar temiryo‘l vokzali va Siyob bozori orolig‘ida harakatlangan.

Avvalroq Toshkent uchun 2011—2012-yillarda Chexiyadan olib kelingan Vario LF tramvaylari Samarqand vokzaliga olib kelingani haqida xabar berilgan edi.

ULASHISH