Boksning WBA yo‘nalishida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev “News Arena” gazetasi bilan suhbatda bo‘lib, vatani O‘zbekiston haqida iliq fikrlarni bildirib o‘tdi.

“O‘zbekiston mening vatanim. Uni juda-juda sog‘indim — deb gap boshladi Chagayev. — Tez orada boraman. Hamma ishlarimni yo‘lga qo‘yib olganimdan so‘ng qadrdon O‘zbekistonimga qaytaman”.

Nashrning boksni yakunlashi borasida bergan savoliga Chagayev shunday javob qaytardi:

“Vaqt o‘z hukmini o‘tkazdi. Boksda uzoq qolib ketdim. Yetar shuncha ringga ko‘tarilganim. Olimpiada chempioni bo‘lgan yigitlarga qarab turib, o‘ylanib qoldim. Ular men faoliyatimni boshlagan bir vaqtda dunyoga kelgandi. Nima deb o‘ylaysiz, boksni tark etish vaqti kelmadimikin? Har narsaning o‘z vaqti va soati bor. Endi navbat yoshlarniki”.

Chagayev, shuningdek, Rio—2016 da muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘zbekistonlik bokschilarni olqishlagan:

“Barakalla, yigitlar! Bu og‘ir mehnat va mashaqqatlar samarasi. Bu mamlakat boksi tarixidagi eng yaxshi natija bo‘ldi. Ular uchun, yurtim uchun xursandman. Yigitlarda harakter hamda vatanparvarlik mujassam. Ularni yorqin kelajak kutayotganiga ishonaman”.

O‘zbekistonlik bokschi o‘zbek milliy taomlarini sog‘inganini ham qo‘shimcha qilgan:

“Palovni hech bir mamlakatda O‘zbekistonimdek shirin va mazali qilib tayyorlab bo‘lmaydi. Bizda har payshanba va yakshanba kunlari osh damlanadi, to‘g‘rimi? Balki boshqa kunlar ham pishirish mumkindir, lekin men shu an’anaga sodiq qolganman” (kuladi).

“Xalqimni juda sevaman! O‘zbekistonimni sevaman! Yurtdoshlarimizning har biriga sog‘lik, omad va baxt tilayman”, — deb fikrini yakunlagan Ruslan Chagayev.

manba: Daryo.uz

ULASHISH