Moskvada teatr va kino aktyori, Sobiq ittifoq xalq artisti Vladimir Zeldin 101 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Avvalroq aktyor og‘ir ahvolda Moskvadagi klinikalardan biriga yotqizilgani xabar berilgan edi. Uning rafiqasi Ivetta Zeldina so‘zlariga ko‘ra, aktyor uch hafta davomida harbiy gospitalda ko‘rikdan o‘tgan va davolangan, u yerdan uni Sklifosovskiy nomidagi ilmiy-tadqiqot markaziga ko‘chirishgan.

Vladimir Zeldin 101 yoshini 10-fevralda nishonlagan edi.

Uning teatrdagi ishlari ichida Lope de Veganing “Raqslar murabbiyi” komediyasi alohida o‘rin egallaydi. Zeldin unda ming martadan ortiq rol ijro etgan. Kinoda esa u “Karnaval kechasi”, “O‘nta negr bolasi”, “31-iyun”, “Vanya amaki” filmlari orqali tomoshabinlar yodida qolgan. Zeldin, shuningdek, teleseriallar va “Yeralash”da ham suratga tushgan.

Vladimir Zeldinni haqli ravishda afsonaviy odam deb atashardi. Chunki dunyo teatr tajribasida 100 yoshida ham rol ijro etuvchi boshqa aktyor yo‘q edi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH