RF Markaziy saylov komissiyasi (MSK) a`zosi, «Spravedlivaya Rossiya» («Adolatli Rossiya») partiyasi raisi Nikolay Levichev ShHTdagi missiyasi doirasida O’zbekistondagi prezidentlik saylovlarini kuzatar ekan, mamlakatning endigina demokratik rivojlanish yo’lidan borayotganligini ta`kidladi. Bu haqida RIA «Novosti»da maqola chop etildi

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) missiyasi seshanba kunidan boshlab 4 dekabrda bo’lib o’tadigan prezidentlik saylovlarini kuzatish ishlarini yo’lga qo’ydi. Levichev O’zbekistondagi to’rt rasmiy partiyaning har biri o’z nomzodini taqdim etganini ta`kidladi.

«Xalqaro standartlar mushtarakligiga qaramay, biz baribir, demokratik rivojlanish yo’lidan borayotgan mamlakatlardagi milliy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy an`analar boshqalardan jiddiy farq qilishi hamda o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lishiga guvoh bo’lyapmiz», — dedi u chorshanba kuni jurnalistlarga.

Levichev «O’zbekistondagi saylov jarayonlarining o’ziga xos jihatlariga xayrihohlik bilan yondashish»ni tavsiya qilmoqda.

«Men hali ko’p narsani ko’rishga ulgurmadim, lekin respublikaning azaliy oilaviy an`analari elektoral saylovga ta`sir qilmay iloji yo’qligini yaxshi anglayapman. Men shunday o’zbeklarni bilamanki, ular 30 yoshdan oshganda 3 farzandli bo’la turib ham, har qanday savolga «otam nima desa, shu», deb javob berishadi». Har holda bu murakkab jarayon — bir tomondan, har bir saylovchining erkin fikr bildirishini ta`minlashga harakat qilish kerak», — deb hisoblaydi u.

Shuningdek, Nikolay Levichev siyosatchilarning fikricha, prezidentlik lavozimiga asosiy da`vogar — Liberal-demokratik partiya (O’zLiDeP) tomonidan nomzodi taqdim etilgan Sh.Mirziyoyev ekanligini aytgan va uning harbiy-siyosiy bloklarga qo’shilmasligiga urg’u bergan.

manba: Kun.uz

ULASHISH