Rayhon Yigitali bilan ajrashishini e’lon qilishidan bir oy avval bo‘lajak turmush o‘rtog‘i ishtirokida klip suratga oldirgan

Xonanda 29-oktabr, shanba kuni ikkinchi marta turmushga chiqishi kutilmoqda. Xabar berishlaricha, Rayhonning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i — taniqli boshlovchi Farhod Alimovdir.

rayhon-1

E’tiborli tomoni, Rayhon birinchi turmush o‘rtog‘i, aktyor Yigitali Mamajonov bilan ajrashayotganini rasman e’lon qilgan kun — 2015-yil 9-yanvardan yarim oy avval — 2014-yilning 24-dekabrida “Izlama” qo‘shig‘iga Farhod Alimov ishtirokida olingan klip taqdimotini o‘tkazgan.

Voqealar ketma-ketligi

2014-yilning 11-noyabr kuni Rayhon “Izlama” nomli qo‘shig‘i audiotaqdimotini o‘tkazgan. Katta ehtimol bilan, qo‘shiq uchun klip olish jarayoni ham taxminan shu vaqtda boshlangan.

20-noyabr kuni Rayhon “Sayyod.com” saytiga katta intervyu bergan. Unda singlisi Nasiba va o‘sha vaqtdagi turmush o‘rtog‘i — aktyor Yigitali Mamajonov bir-biri bilan gaplashmasligi, singlisi: “Rayhonni bir to‘da ahmoqlar o‘rab olgan”, deb ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan fikrlari bo‘yicha savollarga aniq javob bera olmay, “Har qanday oilada ham shunday hodisalar vaqti-vaqti bilan bo‘lib turishi mumkin”, ko‘rinishida izoh berish bilan cheklangan.

Oradan hech qancha o‘tmay, Yigitali Mamajonov MY5 telekanalidagi “Sirdoshlar” ko‘rsatuvida mehmon bo‘lgan. Unga: “Rayhon sizga xiyonat qilganmi?”, qabilida savol berilgan. Yigitali esa, “Sayyod.com” nashri muallifining fikricha, “da’yusning gapidek javob qaytargan”: “Rayhonning xiyonat qilgan yo qilmagani menga qorong‘u”.

Bu orada Nasibaning ijtimoiy tarmoqlardagi Yigitaliga qarshi qaratilgan izohlari kuchaygan. Rayhon ham jahlda Yigitalining Instagram’dagi sahifasida, “Sayyod.com”ning yozishicha, “barcha alamini sochgan”. Keyinroq saytga shu voqea bo‘yicha bergan intervyusida: “Chidolmadim, shu sabab yozib yuboribman… Xudoga soldim”, — deb fikr bildirgan.

24-dekabr kuni Rayhonning “Izlama” qo‘shig‘i uchun olingan klip taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Unda asosiy rolni boshlovchi Farhod Alimov ijro etgan. Klipda turmush o‘rtog‘iga (turmush o‘rtoq rolida — Rayhonning o‘zi) xiyonat qilgan odam (bu rolda — Farhod Alimov) oxir-oqibat oilasiz qolishi ko‘rsatilgan.

26-dekabri kuni bo‘lib o‘tgan “E’tirof—2014” taqdimotiga Rayhon va Yigitali birgalikda kelgan, biroq, “Sayyod.com”ning qayd etishicha, ular “o‘z munosabatlari qay ahvolda ekanini yashira olmaydigan darajaga kelib bo‘lgandi”, ularning orasida “olamushuk o‘tganini ko‘pchilik sezgandi”.

rayhon_ajrashmoqda-2

2015-yil 9-yanvar kuni Rayhon ajrashish uchun ariza topshirganini e’lon qilgan. 2016-yil may oyida ularning nikohi rasman bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. Ular 2012-yilning noyabr oyida turmush qurgan, 2014-yilning may oyida egizak farzandli bo‘lgan edi.

ULASHISH