Maqtang!

Sabab: Sevgan insonini yo`qotishdan qo`rqish. «Agar u meni tashlab ketsa, hech kimga kerak bo`lmay qolaman», deb hisoblaydi va tashlab ketmasliklarining chorasini oldindan ko`rmoqchi bo`ladi.

Yechim: Bu toifa kishilarning o`ziga ishonchini oshirish kerak. Ya`ni uning dunyodagi eng mehribon turmush o`rtoqligini aytib, maqtab turilsa, rashk xuruji chekinadi. Ularning ataylab rashkini keltirish yaramaydi, unutmang.

 

Ochiqcha gaplashing!

Sabab: Arzimgan narsada ham xiyonat soyasini ko`radi. Na ishonadi, na tinch qo`yadi. Har daqiqada noroziligini bildirib turish u uchun odatga aylangan.

Yechim: Ochiqchasiga gaplashib oling, uning shubha-gumonlari siz uchun xaqoratomuz tuyulishini tushuntiring. Lekin eng asosiysi, o`zingiz ham uning rashk qilishi uchun sabab bo`la oladigan vaziyatlarga tushmaslikka harakat qiling.

 

E`tiboringizni qizg`anmang!

Sabab: Juftingizning sizga bee`tiborligi yoki sizning unga befarqligingiz.

Yechim: Hamisha sevgan insoningizning e`tiborida bo`lishga erisha olish katta san`at va yutuq! Faqat oshirib yuborilmasa bo`lgani. Bu e`tibor rashk asorati sifatida nazoratu shubhaga aylanib qolmasin tag`in?!

 

Sukut saqlang!

Sabab: Beruxsat qilingan kichkina ishni ham o`ziga qarshi ko`tarilgan isyondek qabul qiladi. Bo`ysindirish uchun tilini qisiq qiluvchi bahonalar qidirishdan charchamaydi.

Yechim: O`zingizni oqlashga urinmang. Bu janjalni avj oldiradi. Jim eshitib, bir-ikki kun o`tgach, vaziyatga oydinlik kiriting.

 

Qasdma-qasd ish tutmang!

Sabab: Zerikish, maqsad yo`qligi, ishsizlik (ayniqsa, erkaklarda) behuda rashkka sabab bo`ladi.

Yechim: Avvalo xizmatlaringiz, topayotgani pulingiz, ishdan charchashingizni minnat qilmang. Turmush o`rtog`ingizni ruhlantiring. U bilan kelajak haqida rejalar tuzing. Bu bilan uning ishonchini oshirasiz.

manba: Darakchi.uz

ULASHISH