Rossiyalik yarim himoyachi Andrey Arshavin to‘p suradigan Qozog‘istonning “Qayrat” futbol klubi mamlakat kubogi finalida “Astana”ga imkoniyatni boy berdi — 0:1.

Uchrashuvdan keyin finalda to‘p surgan “Qayrat” futbolchilariga medallar taqdim etildi. Andrey Arshavin esa marosim yakunlanishi bilan medalini tribunadan uloqtirib yubordi, deb xabar berdi “TASS”.

Otib yuborilgan medal uchrashuvni stadiondan tomosha qilish uchun tashrif buyurgan Kaynar Gabbasov ismli muxlisning qo‘liga kelib tushgan. Ayni vaqtda u medalni ijtimoiy tarmoqlar orqali sotishga harakat qilayotgani qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, Andrey Arshavin “Qayrat” safida Qozog‘iston chempionatining kumush medallarini qo‘lga kiritdi. Jamoasi uchun 37 uchrashuvda maydonga tushib, 11 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan Arshavin Qozog‘iston klubi bilan shartnomasini yaqindagina bir yilga uzaytirgandi.

manba: Daryo.uz

ULASHISH