19-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Respublika Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qilindi. Syezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

 

Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida aholi bandligi muammosi va erkin industrial zonalar faoliyatiga urg‘u berdi.

“Hozirgi vaqtda Navoiy, Jizzax va Angren hududlarida erkin industrial zonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Berilgan imtiyozlar korxonalar tomonidan innovatsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon yaratmoqda.

Bu ijobiy tajribani kengaytirish maqsadida Urgut tumanida ham erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etilmoqda. Yaqin kelgusida Qo‘qon shahri va G‘ijduvon tumanida ham ana shunday hududlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Aholimizning soni va yoshi tarkibini hisobga olib, aholi bandligi muammosiga doir tizimli ishlarni davom ettirishimiz zarur.

Yaqinda Hukumat majlisida deputat va senatorlar ishtirokida 2017-yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish dasturi loyihasi muhokama qilindi.

Dastur 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini – qishloq xo‘jaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini – shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik orqali ish bilan ta’minlashni nazarda tutadi”.

ULASHISH